
Bugungi kunda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti taʼlim, fan, adabiyot, madaniyat, sanʼat, sport va jamoatchilik faoliyatida alohida yutuqlarga erishgan o‘n to‘rt yoshga to‘lgan va o‘ttiz yoshdan oshmagan iqtidorli qizlarga berilib kelinadi.
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, joriy yilning noyabr oyida hududiy saralash jarayonlari o‘tkaziladi. Ishchi guruhlariga Davlat mukofotiga tavsiya etilgan talabgorlarning faoliyati, asarlarining jamoatchilik tomonidan keng va oshkora muhokama qilinishini tashkil etish, ularning hujjatlarini jamoatchilik va mutaxassislar tomonidan xolisona baholanishiga erishish kabi masʼuliyatli vazifa yuklangan.
Qayd etiliishicha, hujjatlarni saralash jarayonida tuman (shahar) ishchi guruhlari tomonidan talabgorlarning respublika va xalqaro miqyosda o‘tkazilgan fan olimpiadalari, tanlovlar, ko‘rgazmalar, konferensiyalar va boshqa nufuzli tadbirlarda faol ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritganligi eʼtiborga olinadi.
Maʼlumot uchun: ilgari ushbu mukofot 14 yoshdan 22 yoshgacha bo‘lgan talabgorlarga, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining bittadan vakillariga jami 14 ta berilar edi. Endilikda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti har yili Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan ikki nafardan jami 28 nafar xotin-qizlarga beriladi.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yana-da oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzolgandi.
Avvalroq “El-yurt umidi” jamg‘armasi 272 o‘rinli stipendiya tanlovini eʼlon qilgani, Moskvadagi go‘zallik tanlovida o‘zbekistonlik qiz g‘olib bo‘lgani hamda "Turkiston go‘zali" unvoni milliy hakamlar hayʼati tomonidan 18 yoshli Sultonbibi Shahapovaga berilgani haqida xabar berilgandi.


