Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning qoraqalpog‘istonlik saylovchilar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda.
Uchrashuvda nomzod saylovchilarni o‘zining saylovoldi dasturi bilan tanishtirib, o‘tgan yillar davomida qilingan ishlar haqida to‘xtalib o‘tgan.
Maʼlum qilinishicha, Qoraqalpog‘istonda 51 ming oilaning uy-joy sharoiti yaxshilangan. Aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash darajasini 71 foizga yetgan.
Orol dengizining qurigan hududi o‘rnida 1 million 800 ming gektar yashil o‘rmonzor barpo etilgan. Bog‘chalar qamrovi 28 foizdan 81 foizga, ularning soni esa 317 tadan 1 ming 600 taga ko‘paygan.
172 ta maktab mukammal taʼmirlangani, 104 ta maktabda qo‘shimcha binolar barpo etilgani hisobiga, 118 mingta yangi o‘quvchi o‘rni yaratilgan. Qoraqalpog‘istondagi oliygohlar soni 2 barobar ko‘payib, 12 taga yetgan.
Oliygohlarga qabullar soni esa 3,5 marta oshib, qamrov 19 foizdan 46 foizga o‘sgan. Hozirgi vaqtda bu yerda 58 ming talaba tahsil olmoqda.
“Albatta, qilingan ishlar haqida ko‘p gapirish mumkin, lekin islohotlarimiz natijasiga baho beradigan eng xolis hakam, bu – xalqimiz”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.


