Eng mojaroli kasb - «YPX xodimi». Sohaga islohotlar zarur
Kattaqo‘rg‘on tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Azizbek Ahmedov YPX xodimlari bilan tortishuv asnosida vafot etgani juda ko‘p savollarni o‘rtaga chiqarmoqda.

Qariyb 20 yildan buyon soliq sohasida mehnat qilgan 41 yoshli Azizbek Ahmedovning bevaqt o‘limiga achinayotganlar ko‘p.

Ha, u svetoforning taqiqlovchi qizil chirog‘ida chorrahani kesib o‘tgani, boz ustiga transport vositasini mast holda boshqargani, YPX xodimlarining qonuniy talabiga bo‘ysunmagani ta'kidlanmoqda. Biroq u ekspertizagacha borishga ulgurmadi. Endi uning o‘limidan avval mast yo hushyor bo‘lgani patologoanatom xulosasida o‘z aksini topadi.
Keling, uni mast bo‘lgan, deylik. Ha, aroq ichib mashina ruliga o‘tirishni hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydi. Bunday haydovchilarni aniqlash va ularni jazoga tortish shart.
Ammo, Kattaqo‘rg‘ondagi voqeada YPX xodimlarining mast deb taxmin qilingan haydovchiga nisbatan kuch ishlatgani, yakunda haydovchi vafot etgani jamoatchilikning haqli e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
YPX xodimi — eng mojaroli kasb
Yodingizda bo‘lsa, MIB xodimlari uyma-uy yurib gaz, elektr, suv va boshqa kommunal to‘lovlarning pulini yig‘ishganda juda ko‘p mojarolar kelib chiqayotgan edi. Yangilik va internetdagi shov-shuvli videomurojaatlar asosan MIB haqida edi.
O‘shanda MIBchilar tom ma'noda birinchi raqamli mojaroli kasb sohiblariga aylanishgandi. MIB vakolatlari qisqartirilgach, bu «status» yana YPX xodimlariga qaytdi. Chunki kuchishlatar tizimlar ichida aholi vakillari bilan eng ko‘p yuzma-yuz aloqa qiladiganlar — Davlat yo‘l harakati xizmati xodimlari.
Shuning uchun yana internet YPX xodimlari bilan mojarolar tasvirlariga to‘lib toshyapti. Ularning noqonuniy xatti-harakatlarini fosh qiluvchi butun bir kanallar, blogerlar faoliyat ko‘rsatmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, hozir YPX xodimlarining xalq o‘rtasidagi reputatsiyasi anchagina yomon. Ko‘plab mojaroli holatlarda YPX xodimlari haq bo‘lib turgan taqdirda ham, xalq ularni aybdor sanamoqda.
Hech e'tibor berganmisiz, YPX inspektori biror nogironni yo‘lning narigi chetiga o‘tkazishda ko‘maklashib yuborgani, buzilib qolgan mashinani itarib o‘t oldirishga yordam bergani yoxud chorrahalardagi tartibsizlikni mohirona bartaraf etgani aks etgan foto yoki videolar ijtimoiy tarmoqlarda iliq kayfiyat bilan qarshi olinadi. Chunki odamlar bu kasb egalaridan bunday xayrli ishlarni kutmay qo‘yishgan. Afsuski, YPX xodimlari odamlar tasavvurida faqat salbiy ko‘rinishda shakllanib ulgurgan.
Yo‘llarda esa dahshatli avariyalar ro‘y berishda davom etmoqda, odamlar o‘lmoqda. DYHXXning bularni bartaraf etish yo‘lidagi qat'iy sa'y-harakatlari u qadar ko‘zga tashlanmayapti. Qandaydir yangi tashabbus bilan ham chiqilmayapti.
Bu Kattaqo‘rg‘ondagi birinchi voqea emas
Tuman YPX xodimlari o‘zlarining boshboshdoqligi yoki mushtumzo‘rligi bilan birinchi marta muhokama markaziga tushayotgani yo‘q.
2018 yil 29 avgust kuni katta yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishidan shosha-pisha yo‘lga chiqqan Kattaqo‘rg‘on shahri hokimi o‘rinbosari 36 yoshli Nodir Xushvaqtovni yo‘l YPX xodimlari xizmat mashinasida quvadi. Qochish asnosida Xushvaqtov avtohalokatga uchraydi — uning boshqaruvida bo‘lgan «Nexia-3» xizmat avtomashinasi ag‘darilib ketadi. Hokim o‘rinbosari shu kuni kasalxonada vafot etdi
Ayrim takliflar
So‘nggi vaqtlarda ro‘y berayotgan hodisalar DYHXX tizimi isloh qilinishi kerakligiga ishora bermoqda. Maqsad — yo‘llarda harakat xavfsizligini ta'minlash ekan, zudlik bilan ishga kirishish kerak:
- YPX xodimlari to‘liq o‘z kasbiga loyiqlik bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazilishi kerak. DYHXX o‘z tizimida oliy ma'lumotga ega bo‘lmagan barcha xodimlardan zudlik bilan voz kechishi kerak. Munosiblar olib qolinib, yoki ishga qabul qilinib, maoshlari oshirilishi kerak.
- YPX xodimlarini tez-tez bir joyga to‘plab, ular bilan shoirlar, yozuvchilar, jurnalistlar va avtoblogerlar uchrashuvlarini tashkil qilish kerak.
- YPX xodimlari ish soatlarida xizmat davomida ko‘chalarda doimo migalkali xizmat avtomashinasida harakatlanishi shart qilib qo‘yilishi kerak.
- YPX xodimlarida xushmuomalalik bosh mezon bo‘lishi kerak. Biror mojaroli vaziyatda YPX xodimining bodi kamerasi ishlatilmagan bo‘lsa — xodim so‘zsiz ishdan bo‘shatilishi kerak (bu uning nohaqligini isbotlovchi bosh dalil hisoblanishi lozim).
- Eng muhimi — haydovchilar qonuniy talabga bo‘ysunmasa yoki kuch ishlatib qarshilik qilishsa, ularga nisbatan YPX xodimlari kuch ishlatmasligi, avval ogohlantirib, voqea joyiga ichki ishlar xodimlaridan operativ guruh — naryad chaqirilishi tartib sifatida belgilanishi kerak.







