O'zbekiston

To‘y janjali o‘lim bilan yakunlandi: marhumning O‘zbekiston fuqarosi ekani rad etildi

Turk OAVlari pichoqbozlik qurbonini o‘zbekistonlik deb ko‘rsatgan edi.

To‘y janjali o‘lim bilan yakunlandi: marhumning O‘zbekiston fuqarosi ekani rad etildi

 

Turkiyaning Istanbul shahrida yuz bergan pichoqbozlik oqibatida 33 yoshli Qilich Bo‘riyev vafot etdi. Ayrim turk nashrlari marhumni O‘zbekiston fuqarosi deb xabar bergan. Biroq O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi bu ma’lumotni rad etib, u Turkmaniston fuqarosi bo‘lganini ma’lum qildi.

 

OAV xabarlariga ko‘ra, hodisa soat 23:30 atrofida Istanbulning Kichikchekmeje tumani Kemalposha mahallasidagi to‘yxonada sodir bo‘lgan. To‘y paytida ikki guruh o‘rtasida noma’lum sababga ko‘ra tortishuv kelib chiqqan. Taxminan bir soat davom etgan nizo pichoqbozlik bilan yakunlangan.

 

Janjal vaqtida mast holatda bo‘lgan R.T. ismli shaxs Qilich Bo‘riyevning bo‘yin qismiga pichoq urgan. Og‘ir jarohat olgan erkakka voqea joyida tibbiy yordam ko‘rsatilgan va u shifoxonaga olib ketilgan. Biroq uning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan.

 

Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida gumonlanuvchi qo‘lga olingan. Jinoyatda foydalanilgan pichoq ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan. So‘roqdan so‘ng R.T. sud qarori bilan hibsga olingan.

 

O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi olib borgan o‘rganishlar natijasida marhum 33 yoshli Qilich Bo‘riyev Turkmaniston fuqarosi ekani, O‘zbekiston fuqarosi emasligi aniqlanganini bildirgan.