O'zbekiston

Yangilangan o‘zbek alifbosi: pasport va ID-kartalar almashtiriladimi?

“O‘zbek alifbosiga kiritilgan o‘zgartirishlarni jamiyat hayotining barcha sohalariga joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Yangilangan o‘zbek alifbosi: pasport va ID-kartalar almashtiriladimi?

Adliya vazirligi «O‘zbek alifbosiga kiritilgan o‘zgartirishlarni jamiyat hayotining barcha sohalariga joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Hujjatda yangi alifboga o‘tish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi nazarda tutilgan.

 

21-oktyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirishga oid qonunni imzolagan edi. 2027-yil 22-apreldan kuchga kiradigan qonunga muvofiq, murakkab va noqulay deb topilgan O‘, G‘, Sh hamda Ch harflari yaxlit shaklga keltiriladi. Ng harf birikmasi esa alifbo tarkibidan chiqariladi.

 

Qaror loyihasiga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning ID-kartalari, O‘zbekiston fuqarolarining xorijga chiqish biometrik pasportlari, haydovchilik guvohnomalari, avtomobil texnik pasportlari, shuningdek, davlat organlari va xo‘jalik birlashmalari xodimlarining xizmat guvohnomalari normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan muddatlarda almashtirilayotganda takomillashtirilgan alifboda rasmiylashtiriladi.

 

Bunda qonun kuchga kirganidan keyin beriladigan ID-kartalar, biometrik pasportlar, haydovchilik guvohnomalari, avtomobil texnik pasportlari va kadastr hujjatlari yangi alifboda rasmiylashtirilishi belgilangan. Shu bilan birga, amaldagi alifboda tayyorlangan hujjat blankalaridan 2028-yil 1-yanvargacha foydalanishga ruxsat etiladi.

 

Amaldagi qonunchilik asosida rasmiylashtirilgan hujjatlar, jumladan, shaxsiy va mulkiy huquqlarni tasdiqlovchi hujjatlar ularda harflarning avvalgi shakli mavjudligidan qat’i nazar, o‘z yuridik kuchini saqlab qoladi.

 

Shuningdek, biometrik hujjatlar va ID-kartalarning vizual ma’lumotlar zonasida (VIZ) takomillashtirilgan o‘zbek alifbosi harflarini aks ettirish tartibi qayta ko‘rib chiqiladi. 2027-yil yanvarigacha ushbu zonada o‘zbek alifbosi harflarini aks ettirishning amaldagi texnik imkoniyatlari o‘rganiladi. 2027-yil apreliga qadar esa yangi harflarni vizual ma’lumotlar zonasida aks ettirish bo‘yicha texnik talablarni ishlab chiqish hamda biometrik hujjatlarni personallashtirish tizimlariga moslashtirish yuzasidan takliflar tayyorlanadi.

 

Mazkur vazifalar ijrosi uchun Ichki ishlar vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi va Fanlar akademiyasi mas’ul etib belgilangan.

 

Qonun kuchga kirgan sanadan boshlab ommaviy axborot vositalari tarqatadigan axborot va materiallar, shuningdek, matbaa-noshirlik mahsulotlari faqat takomillashtirilgan alifboda tayyorlanishi va chop etilishi kerak.

 

Davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari va boshqa yuridik shaxslar tomonidan rasmiylashtiriladigan hujjatlar, rasmiy yozishmalar hamda axborotlar ham yangilangan alifboda tayyorlanadi.

 

Fuqarolarning familiyasi, ismi va otasining ismi avvalgi yoki takomillashtirilgan harf shaklida yozilgani sababli ularning shaxsini aniqlash, huquq va majburiyatlarini belgilash, davlat xizmatlaridan foydalanish yoki hujjatlarini qabul qilishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

 

Bundan tashqari, qonun kuchga kirganidan boshlab davlat organlari va xo‘jalik birlashmalarining peshlavhalari hamda axborot yozuvlari belgilangan tartibda takomillashtirilgan alifbo va imlo qoidalariga muvofiqlashtiriladi. Raqamli tashqi axborot vositalari ham yangi alifboga moslashtiriladi.

 

2027-yildan boshlab aeroportlar, vokzallar va boshqa jamoat joylaridagi yozuvlarni bosqichma-bosqich yangi alifboga o‘tkazish rejalashtirilgan. Avtobus, metro, temiryo‘l va boshqa transport vositalaridagi yo‘nalishlar, bekatlar hamda xizmat axborotlari, shuningdek, yo‘l belgilari, ko‘rsatkichlar va manzil yozuvlari ham takomillashtirilgan alifboda joylashtiriladi.

 

Qaror loyihasida davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari, boshqa tashkilotlar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga bir oy muddatda alifbodagi o‘zgarishlarni o‘z tizimida joriy etish bo‘yicha yo‘l xaritalarini ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi yuklatilgan.

 

Yo‘l xaritalarida o‘zgarishlarni joriy etish mexanizmlari, muddatlari, moliyaviy manbalari va mas’ul ijrochilar aniq belgilanadi. Belgilangan vazifalar ijrosi davlat organlari yig‘ilishlarida har oyda kamida bir marta muhokama qilib boriladi.

 

Qaror loyihasi muhokamasi 6-dekabrga qadar davom etadi.

Davlat tashkilotining sobiq xodimi qidiruvda edi: u Turkiyada ushlandi

Davlat tashkilotining sobiq xodimi qidiruvda edi: u Turkiyada ushlandi

U Jinoyat kodeksining 167 va 228-moddalari bilan qidiruvga berilgan bo‘lib, O‘zbekistonga qaytarilgan.

Qarshidagi xonadonda gaz portladi: jarohatlanganlar bor

Qarshidagi xonadonda gaz portladi: jarohatlanganlar bor

Hozirda hodisaning kelib chiqish sabablari va holatlarini aniqlash yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

O‘zbekistonda 23,5 mingta xorijiy korxona faoliyat yuritmoqda: eng ko‘pi savdo sohasida

O‘zbekistonda 23,5 mingta xorijiy korxona faoliyat yuritmoqda: eng ko‘pi savdo sohasida

Sanoat, axborot va aloqa hamda qurilish yo‘nalishlari ham xorijiy korxonalar faoliyatida yetakchi sohalar qatorida.

Elektr energiyasi to‘lovi: gazsiz hududlar uchun oylik bazaviy me’yor oshirildi

Elektr energiyasi to‘lovi: gazsiz hududlar uchun oylik bazaviy me’yor oshirildi

Yangi me’yordan foydalanish uchun fuqarolardan ariza yoki qo‘shimcha hujjatlar talab etilmaydi.

OTMlar milliy reytingi: davlat oliygohlarini rag‘batlantirish tartibi belgilandi

OTMlar milliy reytingi: davlat oliygohlarini rag‘batlantirish tartibi belgilandi

Reyting natijalari e’lon qilinganidan keyin 15 ish kuni ichida rag‘batlantirish mablag‘lari davlat oliy ta’lim tashkilotiga o‘tkaziladi.

3,2 mlrd so‘m qimorga tikildi: bank xodimi mijozlar mablag‘ini o‘zlashtirgan

3,2 mlrd so‘m qimorga tikildi: bank xodimi mijozlar mablag‘ini o‘zlashtirgan

Andijonda onlayn qimor bilan bog‘liq bir nechta firibgarlik holatlari fosh etildi.

Ziyoratga yuborish va’dasi: “Umra” ziyoratini noqonuniy tashkil etishga uringanlar aniqlandi

Ziyoratga yuborish va’dasi: “Umra” ziyoratini noqonuniy tashkil etishga uringanlar aniqlandi

Uch hududda fuqarolarni noqonuniy ziyoratga yuborish evaziga pul olgan shaxslar ushlandi.

Avstraliya mehnat bozoriga yo‘l ochilmoqda: o‘zbekistonlik mutaxassislar ishga jalb etilishi mumkin

Avstraliya mehnat bozoriga yo‘l ochilmoqda: o‘zbekistonlik mutaxassislar ishga jalb etilishi mumkin

Avstraliyaning Shimoliy hududi vakillari bilan o‘zbekistonlik malakali ishchilarni jalb qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.