Ta’lim muassasalari xodimlariga yangi ustamalar: ish stajiga qarab 120 foizgacha to‘lanadi
Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi ayrim ta’lim muassasalari bosh hisobchilari va kadrlar bo‘yicha inspektorlariga mehnat stajiga qarab oylik ustama to‘lanadi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi ayrim ta’lim muassasalari bosh hisobchilari va kadrlar bo‘yicha inspektorlariga ko‘p yillik mehnat staji uchun oylik ustamalar belgilandi. Tegishli hujjat Adliya vazirligida 2026-yil 16-noyabr kuni 3975-raqam bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Hujjatga ko‘ra, ustamalar reabilitatsiya markaziga ega ko‘p tarmoqli davlat ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari, ixtisoslashtirilgan va qo‘shma turdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari, eksperimental maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda ixtisoslashtirilgan maktablar xodimlariga tatbiq etiladi.
Shuningdek, ko‘p funksional inklyuziv-resurs maktablar, ko‘p tarmoqli maktab va maktab-internatlar, ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar, maxsus texnikumlar hamda ko‘p funksional inklyuziv-resurs markazlari xodimlari ham ushbu tartibga kiradi.
Ustamalar mazkur muassasalarning bosh hisobchilari, yetakchi hisobchilari, hisobchilari va kadrlar bo‘yicha inspektorlariga lavozim maoshiga nisbatan quyidagi miqdorlarda to‘lanadi:
- 1 yildan 3 yilgacha ish staji uchun — 30 foiz;
- 3 yildan 5 yilgacha — 60 foiz;
- 5 yildan 10 yilgacha — 80 foiz;
- 10 yildan 15 yilgacha — 100 foiz;
- 15 yil va undan ortiq — 120 foiz.
Shu tariqa, mazkur lavozimlarda kamida 15 yil ish stajiga ega xodimlarga lavozim maoshining 120 foizi miqdorida oylik ustama to‘lanishi belgilangan.








