Yomg‘ir ortidan iliq kunlar: O‘zbekistonda ob-havo qanday bo‘ladi?
Dam olish kunlari O‘zbekistonda asosan quruq va iliq ob-havo kuzatiladi.

Dam olish kunlari O‘zbekiston hududida asosan quruq va iliq ob-havo kuzatiladi. Bu haqda O‘zgidromet ma’lum qildi.
13–15-noyabr kunlari havo harorati kechalari 0–5 daraja iliq, kunduz kunlari esa asta-sekin ko‘tarilib, 10–15 daraja iliqni tashkil etadi. Ayrim joylarda tuman tushishi mumkin. Shamol sharqdan 7–12 m/s tezlikda esadi. 13-noyabr kuni janubiy hududlarda shamol ayrim joylarda 13–18 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda.
Tog‘oldi va tog‘li hududlarda 13-noyabr kuni ba’zi joylarda yomg‘ir va qor yog‘adi. Ayrim hududlarda yog‘ingarchilik kuchli bo‘lishi mumkin.
Toshkent shahrida 13-noyabr kuni vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. 14–15-noyabr kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi, kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin.
Poytaxtda shamol sharqdan 3–8 m/s tezlikda esadi. Harorat kechalari 2–4 daraja, 13-noyabr kuni kunduzi 7–9 daraja, 14–15-noyabr kunlari esa 13–15 daraja iliq bo‘ladi.








