“Delta” koronavirusning eng yuqumli turi ekani aniqlandi
Koronavirusning “delta” shtammi hozirda kamida 85 mamlakatda mavjud va u infeksiyaga qarshi emlanmagan aholi orasida tez tarqalmoqda.

Koronavirusning “delta” shtammi hozirda kamida 85 mamlakatda mavjud va u infeksiyaga qarshi emlanmagan aholi orasida tez tarqalmoqda. Bu haqda Jenevada bo‘lib o‘tgan brifingda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesus maʼlum qilgan.

“Delta” aniqlangan eng yuqumli COVID-19 variantidir. U kamida 85 mamlakatda uchradi va emlanmagan aholi orasida tez tarqalmoqda”, degan JSST rahbari.
U bir qator mamlakatlarda koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq cheklovlar yumshatilayotganiga va shu fonda dunyoda COVID-19 tarqalishi kuchayganiga eʼtibor qaratgan. Gebreyesusning so‘zlariga ko‘ra, SARS-CoV-2 ning yangi turlari paydo bo‘lishi haqidagi xabarlarni kutish kerak.
“Yuqtirish qancha ko‘p bo‘lsa, variantlar ham shuncha ko‘p bo‘ladi”, deya taʼkidlagan u.
Shu munosabat bilan Gebreyesus mamlakatlarni “COVID-19 tarqalishining oldini olish uchun barcha mavjud vositalardan foydalanishga” chaqirgan. Gebreyesusning taʼkidlashicha, u sog‘liqni saqlash va ijtimoiy sohalardagi choralar, shuningdek, barcha teng ravishda emlanishini taʼminlashni nazarda tutmoqda.







