Jo Bayden Gaitidagi vaziyatdan xavotirda ekanini aytdi
Gaiti bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Klod Jozef AQSH davlat kotibi Entoni Blinken bilan muzokara chog‘ida mamlakatda 26 sentyabrga rejalashtirilgan saylov muddati o‘zgarmasligini bildirdi.


Bu haqda Jozef devonxonasining Twitter´dagi rasmiy sahifasida xabar qilinmoqda.
"Hukumat rahbari muxolifat yetakchilari va boshqa siyosiy ishtirokchilar bilan muloqotga qirishib, siyosiy-ijtimoiy vaziyatni tinchlantirish va ishonchli saylov kengashining tasdiqlangan rejasi bo‘yicha saylov o‘tkazishga vaʼda berdi", - deyiladi xabarda.
7 iyul, chorshanbaga o‘tar kechasi Gaiti prezidenti Jovenel Moiz nomaʼlum shaxslar tomonidan o‘z qarorgohida otib o‘ldirildi. Mamlakatning birinchi xonimi esa og‘ir jarohatlanib, kasalxonaga yotqizildi.
Mamlakatda yuzaga kelgan vaziyat tufayli 15 kunlik motam eʼlon qilindi.
Rasmiylarning xabar berishicha, bosqin oldindan puxta rejalashtirilgan va chet ellik yollanma qotillar tomonidan amalga oshirilgan. Shu paytgacha hujumga aloqador deb topilgan 4 kishi yo‘q qilindi.
Hukumat jinoyatchilarni qo‘lga olishda AQSHdan yordam so‘ragan. Amerika prezidenti Djo Bayden Gaitidagi vaziyatdan xavotirda ekanini bildirdi. YEI diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel o‘zinigg Twitter´dagi sahifasida "bu jinoyat muvozanatsizlik va zo‘ravonlik kuchayishiga olib keladi" deb yozdi. Bugun BMT xavfsizlik kengashi Gaitidagi vaziyat bo‘yicha tezkor yig‘ilish o‘tkazishi kutilmoqda.
Sharofat Mahmudova







