“Zapravka”lar faoliyati vaqtincha to‘xtatilishi mumkin: gaz ta’minotida ustuvorlik kimlarga beriladi?
“O‘zgidromet” 9–11-noyabr kunlari yomg‘ir, shimoliy va tog‘li hududlarda qor yog‘ishini prognoz qilmoqda.

Havo haroratining pasayishi va gazga bo‘lgan talab ortishi munosabati bilan zarurat tug‘ilsa, avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyati vaqtincha cheklanishi mumkin. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.
“O‘zgidromet” prognoziga ko‘ra, 9–11-noyabr kunlari O‘zbekiston hududida yomg‘ir, shimoliy va tog‘li hududlarda esa qor yog‘ishi kutilmoqda. Tungi harorat shimolda −7 darajagacha, boshqa hududlarning ayrim joylarida −1…−2 darajagacha pasayishi mumkin.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, energiya ta’minoti barqarorligini saqlash maqsadida tizim tashkilotlari zarur choralarni ko‘rmoqda. Toshkent va boshqa hududlarda isitish mavsumiga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Gaz taqsimotida aholi xonadonlari, maktablar, bog‘chalar, shifoxonalar va boshqa ijtimoiy obyektlarga ustuvorlik beriladi.
Zarurat tug‘ilganda avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyatiga vaqtincha cheklovlar kiritilishi mumkin. Bunday cheklovlar hokimliklar bilan kelishilgan va tasdiqlangan grafiklar asosida joriy etiladi. Iste’molchilar bu haqda oldindan xabardor qilinadi.
Shuningdek, vazirlik fuqarolarni isitish va gaz jihozlari, mo‘ri hamda shamollatish yo‘llarining sozligini tekshirishga chaqirdi. Nosoz jihozlardan foydalanmaslik, gaz plitasida xonani isitmaslik, elektr tarmoqlariga ortiqcha yuklama bermaslik va isitish moslamalarini nazoratsiz qoldirmaslik tavsiya etildi.
Elektr energiyasini tejash, keraksiz qurilmalarni o‘chirish va isitish moslamalaridan me’yorida foydalanish ham ta’minot tizimidagi yuklamani kamaytirishga yordam beradi.








