“Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdid va imkoniyatlar” ─ Xalqaro konferensiyadan nimalar kutilyapti?
Toshkent konferensiyasi o‘tgan 5 yilda O‘zbekiston tomonidan tashqi siyosat masalasida olib borilgan ishlarning samarasini ham ko‘rsatib beradi.

Toshkent konferensiyasi nima beradi?
Joriy yilning 15-16-iyul kunlari Toshkent shahrida “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdid va imkoniyatlar” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi. Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov tomonidan haftaning asosiy tadbiri deb baholanayotgan konferensiya tom maʼnoda Markaziy va Janubiy Osiyoning keyingi taqdirini belgilashda katta ahamiyat kasb etadi. Konferensiyada Pokiston bosh vaziri va Afg‘oniston prezidenti, 20 ta davlat tashqi ishlar vazirlari, Yevropa Komissiyasi vitse-prezidenti Jozef Borrel, ko‘plab mintaqaviy va xalqaro tashkilot rahbarlari, jami 600 dan ortiq ishtirokchilar qatnashishi kutilmoqda. Xo‘sh Toshkent konferensiyasi uning ishtirokchilariga nima beradi, O‘zbekiston, umuman Markaziy Osiyo uchun Janubiy Osiyoning qanday ahamiyati bor?
Keng iqtisodiy aloqalar
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi maʼlumotlariga ko‘ra, so‘nggi 4 yilda birgina O‘zbekistonning Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan savdosi 35 % ga, jumladan Afg‘oniston bilan 56.2 %, Hindiston bilan 32 %, Pokiston bilan 8.9 % ga oshgan. 2020-yil yakunlariga ko‘ra Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo o‘rtasida 2020-yilda 4.4 milliard AQSH dollarlik tovar ayirboshlangan. Markaziy Osiyo mamlakatlarining jahon okeanlaridadan uzoqda joylashganligi ular uchun dengiz portlariga chiqishni muhim zaruriyatga aylantirgan. Markaziy Osiyo uchun Janubiy Osiyo portlari eng arzon va yaqin portlar ekanligi hisobga olinsa, bu jihatdan ham mintaqa Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan aloqalarni kengaytirishdan manfaatdor. Hozirgi kunda O‘zbekiston uchun strategik ahamiyat kasb etishi kutilayotgan Afg‘oniston orqali o‘tadigan temiryo‘l liniyasi mintaqani Hind okeani bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lashga yordam beradi. Ko‘rinib turibdiki, ikki mintaqa o‘rtasida mustahkam iqisodiy aloqalar va mushtarak rejalar mavjud. Toshkent konferensiyasining muhim mavzularidan biri shubhasiz iqtisodiy aloqalar mavzusi bo‘ladi.
Xavfsizlik
So‘nggi kunlarda keskinlashayotgan Afg‘oniston muammosi shubhasiz konferensiyaning markaziy mavzularidan biri bo‘ladi. Afg‘onistondagi beqarorlik har ikki mintaqa uchun ham katta xavf vujudga keltiradi. AQSHning Afg‘oniston bo‘yisa maxsus vakili Zalmay Xalilzod, RF va XXR Tashqi ishlar vazirlari S.Lavrov va Van I kabi oliy martabali mehmonlarning tashrif dasturlarida katta extimol bilan Afg‘onistondagi vaziyat asosiy mavzu bo‘ladi. Shuningdek Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘anining bevosita konferensiyada ishtirok etadi-G‘ani 15-iyul kuni Toshkentga kelishi kutilmoqda.
Afg‘oniston Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi muhim davlat bo‘lganligi sababli har ikkala mintaqa mamlakatlari Afg‘oniston muammosi tez orada hal qilinishidan manfaatdor. Afg‘oniston geografik joylashuvi tufayli xar ikkala mintaqa mamlakati xisoblanadi. Markaziy va Janubiy Osiyo birgalikda amalga oshiradigan loyihalarni Afg‘onistonsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Toshkent konferensiyasi mintaqa va jahonning yirik davlatlarining afg‘on masalasiga oid pozitsiyalarini bildirishlarida o‘ziga xos maydon vazifasini bajaradi.
O‘zbekiston uchun ahamiyati
Toshkent konferensiyasi o‘tgan 5 yilda O‘zbekiston tomonidan tashqi siyosat masalasida olib borilgan ishlarning samarasini ham ko‘rsatib beradi. Qayd etish kerakki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev saʼy-xarakatlari bilan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalar yana-da faollashdi. O‘tgan davr mobaynida ikki mintaqa o‘rtasida savdo-iqtisodiy, madaniy, gumanitar sohalardagi aloqalar kengaydi, yangi yo‘nalishlar doirasida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Bunda O‘zbekistonning va shaxsan davlat rahbarining o‘rni katta. So‘nggi yillarda O‘zbekiston ikkala mintaqani bog‘lashga yordam beruvchi, Afg‘oniston orqali o‘tadigan temiryo‘l liniyasi qurilishi tashabbusi bilan chiqdi. Agar loyiha ishga tushirilsa mintaqa mamlakatlari Hind okeani portlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanadi va o‘z maxsulotlarini jahon bozoriga olib chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Konferensiyada mintaqa mamlakatlari o‘rtasida shu va boshqa muhim masalalar yuzasidan taklif va kelishuvlarga erishilishi kutilmoqda.
Bugun anjumanda ishtirok etish uchun Turkiya tashqi ishlari vaziri mamlakatimizga tashrif buyurdi. U o‘z safarini Farg‘ona viloyatidan boshladi.
Jahongir Qo'ziyev







