Qozog‘istonning Kostanay viloyatida uch kishi kuydirgi kasalligini yuqtirdi
Qozog‘istonning Kostanay viloyatida uch kishi kuydirgi kasalligini yuqtirdi. Bu haqda “24.kz” xabar berdi.

Bemorlar hozirda shifoxonada davolanmoqda. Ularga infeksiya Denisov tumani qishloqlaridan biridagi chorvachilik fermasidagi sigirlardan yuqqan. Kasallangan o‘n boshdan ortiq sigir infeksiyadan o‘lgan. Hozirda kuydirgi aniqlangan hududda karantin joriy qilingan.
Veterinariya shifokorlari o‘lgan hayvonlarning jasadlarini yo‘q qilgan. Shuningdek, qoramol boqilgan va o‘lgan joylar dezinfeksiya qilingan. Kuydirgiga qarshi emlash ishlari shoshilinch ravishda tashkil etilib, emlangan hayvonlar veterinariya xodimlari nazoratiga topshirilgan. Denisov tumanining qolgan qishloqlarida va Kostanay viloyatida epizootik vaziyat barqaror. Mintaqada so‘nggi 26 yil ichida odamlarda kuydirgi kasalligi birinchi marta qayd etilgan.
Kostanay viloyati sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmasining xavfli infeksiyalar bo‘limi boshlig‘i Lyudmila Nalobina insonlar kuydirgini chorva mollarini parvarish qilish yoki so‘yish paytida yuqtirganini aytgan.







