Rossiyada Buxorodan pomidor va qalampir import qilishga cheklov qo‘yildi
Rossiyaning Veterinariya va fitosanitariya bo‘yicha federal xizmati (“Rosselxoznadzor”) 15 iyuldan boshlab O‘zbekistonning Buxoro viloyatidan Rossiyaga pomidor va qalampir import qilishga vaqtinchalik cheklov o‘rnatdi. Bu haqda “Rosselxoznadzor” maʼlum qildi.


Cheklovga sabab qilib, Buxorodan yetkazib berilayotgan pomidorlarda «pomidor jigarrang bujmayish virusi» (tomato brown rugouse fruit virus — ToBRFV) aniqlangani ko‘rsatilgan.
15 iyulgacha bo‘lgan vaqtda jo‘natilgan partiyalarga faqatgina fitosanitariya tekshiruvidan o‘tgandan so‘ng Rossiya hududiga olib kirishga ruxsat beriladi.
Eslatib o‘tamiz, jigarrang bujmayish virusi aniqlangani sababli “Rosselxoznadzor” 2020 yil 26 noyabrdan boshlab Farg‘ona viloyatidan Rossiyaga pomidor va qalampir olib kirishni taqiqlagan edi. Keyinroq quritilgan o‘rik partiyasida ham xavfli zararkunanda (kapr qo‘ng‘izi) aniqlangach, “Rosselxoznadzor” Farg‘onadan barcha turdagi o‘simlik mahsulotlari importini taqiqladi. Rossiya tomoni shu kabi taqiqlarni Navoiy va Qashqadaryo viloyatida yetishtirilgan mahsulotlarga ham joriy etgan.







