Texasdagi otishmada bir nafar politsiyachi halok bo‘ldi, to‘rt kishi jarohatlandi
Texas shtatining Levellend shahrida yuzaga kelgan otishma natijasida bir politsiyachi halok bo‘ldi, yana to‘rt nafari jarohatlandi.

Bu haqda KWTX telekanali xabar bermoqda.
"Jinoyatchi bilan otishmada maxsus xizmat otryadi rahbari olgan jarohatlari tufayli halok bo‘ldi", - deyiladi telekanal xabarida.
Politsiyaning qolgan xodimlari shifoxonaga yotqizildi, hozirda ularning ahvoli yaxshilangani aytilmoqda.
Bir kun oldin Texas yo‘l patruli haydovchining tajovuzkor va ehtiyotsiz mashina boshqarayotgani haqida xabar bergan. Keyinroq politsiyaga mahalliy aholi vakillaridan biri qo‘ng‘iroq qilib, qo‘shnisi o‘zini g‘alati tutayotgani va katta to‘pponcha ko‘tarib yurganini xabar qilgan.
Voqea joyiga yetib kelgan politsiya xodimlari va jinoyatchi o‘rtasida otishma kelib chiqqan.







