AQSHga yordam bergan afg‘onlar evakuatsiya qilinadi
Jo Bayden adminstratsiyasi Amerika hukumati bilan hamkorlik qilgan 2 500 afg‘on va ularning oila aʼzolarini Qo‘shma Shtatlarga evakuatsiya qilmoqchi.

Bu haqda NBC Oq uydagi manbasiga tayanib xabar bermoqda.
Bundan tashqari, Vashington 10 ming afg‘onni AQSHning chet eldagi harbiy bazalari yoki uchinchi davlatlarga evakuatsiya qiladi. Ular AQSHga ko‘chib o‘tish uchun hujjatlari tayyor bo‘lgunicha shu yerda qolishadi.
AQSH Afg‘onistondan o‘z armiyasini olib chiqishni boshlaganidan beri huquq himoyachilari Bayden adminstratsiyasidan amerikalik harbiylarga yordam berganlarning xavfsizligini taʼminlashni talab qiladi.
Oq uy rejasiga ko‘ra, qochoqlarning birinchi guruhi iyul oxirida evakuatsiya qilinadi. Maxsus emigratsiya vizasini olish uchun 20 mingga yaqin odam ariza topshirgan.







