Afg‘onistonda yirik imperiyalar nima uchun mag‘lubiyatga uchrashgandi?
Tarixga nazar solsak, eng yirik imperiyalar butun dunyoda katta muvaffaqqiyatlarga erishib, Afg‘onistonda omadsizlikka duch kelishgan.


Afg‘oniston o‘zining erksevarligi, chet el qo‘shinlariga qarshi ayovsiz kurashi bilan shuhrat qozongan mamlakat. Tarixga nazar solsak, eng yirik imperiyalar butun dunyoda katta muvaffaqqiyatlarga erishib, Afg‘onistonda omadsizlikka duch kelishgan.
Buning yorqin misolini Angliya va SSSRda ko‘ramiz. Bu ikki imperiya taraqqiyotining cho‘qqisiga chiqqan paytida Afg‘onistonga kirib kelishgan va ularning zaiflashuvi aynan shu yerdan boshlangan.
Afg‘on urushi tarixlarida bir jihat bor-afg‘onistonliklar nafaqat chet elliklarni, balki ular bilan hamkorlik qilganlarni, ularga yordam berganlarni va ular bilan ishlagan vatandoshlarini ham ayab o‘tirishmagan. Quyida tarixning turli davrlarida horijiy davlat ko‘shinlari bilan hamkorlik qilgan ayrim shaxslar taqdiri haqida so‘z boradi.
Shoh Shujo
Shoh Shujo 1-ingliz-afg‘on urushi natijasida Afg‘oniston taxtiga o‘tirgan edi. Uning hokimiyatga kelishi inglizlar yordamida bo‘lganligi uchun ham avvalboshdanoq afg‘onlar uni qo‘llab quvvatlashmadi. Shohning mamlakatda obro‘si juda past bo‘lgan. Bunga sabab u uzoq yillar davomida Hindistonda, inglizlar panohida yashaganligi bo‘lgan. Shujo 3 yillik hukmronligi davrida jamiyatning barcha qatlamlarini o‘ziga qarshi qilib qo‘ydi. Ingliz qo‘shinlari Qobuldan chiqib ketishi bilan Shujoga qarshi suiqasd uyushtirilib, otib o‘ldirildi. Vafotidan keyin uning avlodlari hokimiyatdan butunlay chetlatildi.
Muhammad Najibullo

Najibullo 1986-yilda Afg‘onistonda hokimiyat tepasiga keldi. Najibullo hokimiyatga SSSR rahbariyati yordami bilan kelgan edi. Avvalboshdanoq SSSR bilan munosabatlarni saqlab qolishga va mustahkamlashga qaratilgan siyosati bilan Afg‘oniston xalqi orasida obro‘si tushib ketdi. Bu davrda sovet qo‘shinlariga qarshilik harakati yana-da kuchaydi.
Najibulloning umummilliy yarashuv va fuqarolar urushini to‘htatishga qilgan harakatlari amalda hech qanday natija bermadi. Sovet qo‘shinlari mamlakatdan chiqib ketishi uning ahvolini og‘irlashtirdi. Shunday bo‘lsa-da, 1992-yilgacha SSSR harbiy va iqtisodiy yordami bilan hokimiyatni saqlab tura oldi. 1992-yildan boshlab RF Afg‘onistonga yordamni to‘htatishi Najibulloning “taxt”dan qulashiga olib keldi. Shundan keyin sobiq prezident 1992-1996-yillar davomida BMT ning Qobuldagi vakolatxonasida qochqin sifatida yashadi. Tolibon hokimiyatni egallagach, Najibullo vakolatxonadan olib chiqib ketildi va qatl qilindi.
Najibullo taqdiri Afg‘onistonda chet elliklar bilan hamkorlik qanday ayanchli oqibatlarga olib kelishini ko‘rsatadi.
AQSH iltimosi
Iyul oyida AQSH Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan O‘zbekistondan ham AQSH qo‘shinlariga Afg‘onistonda ko‘mak bergan 9 ming afg‘on fuqarosini vaqtinchalik qabul qilishni so‘radi. NATO va AQSH qo‘shinlari olib chiqib ketilganidan so‘ng bu fuqarolar Tolibon tomonidan tazyiqqa uchrash ehtimoli juda yuqori. Shu sababli AQSH maʼmuriyati o‘zi bilan ularni olib chiqib ketmoqchi.
15-16-iyulda Toshkentda bo‘lib o‘tgan "Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdid va imkoniyatlar” xalqaro konferensiyasida ishtirok etgan AQSH prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod AQSH bilan hamkorlik qilgan afg‘on fuqarolarini olib chiqib ketish AQSH prezidenti va Kongressi kun tartibida turgan mavzu ekanligini aytib o‘tdi.
Bugun RF tashqi ishlar vaziri S.Lavrov masalaga o‘z munosabatini bildirdi. Jumladan, vazir Markaziy Osiyo rahbarlari buning ortidan keladigan barcha xatarlarni yaxshi bilishini va o‘z manfaatlaridan kelib chiqib to‘g‘ri qaror qabul qilishiga umid bildirdi.
Ushbu masala hozirgi kunda Afg‘oniston bilan bog‘liq vaziyatdagi eng nozik nuqtalardan hisoblanadi. Mutaxassislar fikricha, bir tomondan ushbu fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash insonparvarlik jihatidan to‘g‘ri hisoblansa, ikkinchi tomondan, bu mintaqadagi vaziyatni yana-da chigallashtirishi mumkin.
Jahongir Qo‘ziyev







