Buyuk toshqinlar: muammo ildizi qayerda?
So‘nggi kunlarda Yevropada kuzatilayotgan dahshatli suv toshqinlari yana bir bor iqlim muammosini insoniyatga eslatib qo‘ydi.

Dunyoning eng boy va rivojlangan qismi bo‘lgan Yevropa tabiat hodisalari qarshisida ojiz qoldi: tasavvur qilib bo‘lmas vayronalik va o‘nlab odamlarning vafoti butun qitʼani larzaga keltirdi.
Ulkan toshqinlar Germaniya, Belgiya, Shveysariya, Niderlandiya va Avstriyani qamrab oldi, birgina Germaniyada tabiiy ofat qurbonlari 100 dan oshib ketdi. G‘arbiy Yevropada umumiy halok bo‘lganlar soni 180 dan ortiq, minglab insonlar bedarak yo‘qolgan. Tinimsiz yomg‘irlar natijasida daryo va kanallar o‘zanidan chiqib ketdi, natijada ko‘chalar suv ostida qolib ketdi.
Germaniyalik mutaxassis Bernd Meligning fikricha, yozda bunday ob-havo Markaziy Yevropa, jumladan Germaniya uchun mutlaqo xos emas. Uning taʼkidlashicha, bu kabi holatlar asosan qishda uchraydi.Leypsig Universiteti meteorologi Yoxannes Kvass bunday ob-havo yangi reallik hisoblanadi. Kvass iqlim o‘zgarishi normal ob-havo to‘g‘risida fikrlarni butunlay o‘zgartirib yuboradi deb taʼkidlamoqda. Ushbu mutaxassis barchasiga global iqlim isishini sababchi deb hisoblaydi. Kvassning fikricha, Germaniya boshqa davlatlarga nisbatan ikki baravar tezroq isimoqda, chunki Germaniya kuchli sanoatlashgan mamlakatdir. Agar havoga is gazi chiqarish shu zaylda davom etsa, bu kabi kuchli yomg‘irlar va uning natijasida vujudga keladigan toshqinlar yildan yilga ko‘payaveradi.
Oksford universiteti Atrof-muhit o‘zgarishi instituti ilmiy xodimi Fredrik Otto Yevropadagi bir necha kun davom etgan yomg‘irlar ekstremal ob-havo hisoblanib, ularning intensivligi iqlim isishi natijasida yana-da oshganligini qayd etdi. Kelajakda iqlim isishi davom etishi natijasida tabiiy ofatlarning halokatli oqibatlari oshib boraveradi.Masalan, 2017-yilda Yevropa Komissiyasi Tadqiqotlar markazi kelajakda birgina Yevropada 150 ming kishi iqlim isishi oqibatlari natijasida halok bo‘lishi mumkinligi haqida maʼlumot bergandi.
Jahon siyosatida kelajakda eng muhim muammo bu shubhasiz atrof-muhitning o‘zgarishi va iqlim isishi muammosi bo‘ladi. Hozirga kelib, iqlim isishi muammosi yechimi yo‘lida bir qancha muhim qadamlar qo‘yildi. Eng avvalo, butun dunyoda ekologik muammolarga eʼtibor qaratadigan siyosiy partiyalar-“yashillar” tobora mashhurlashib bormoqda. ekologik harakatlar va partiyalar keng jamoatchilik eʼtiborini iqlim isishi muammosiga qarata olishdi. Ko‘plab yirik mamlakatlar ichki va tashqi siyosatida ushbu masala tobora ustun mavqeni kasb etib bormoqda. O‘tgan haftada Moskvaga AQSH prezidentining iqlim masalalari bo‘yicha maxsus vakili Jon Kerrining tashrifi yirik davlatlarning iqlim masalasiga jiddiy eʼtibor qaratyotganidan dalolat beradi.
Bundan tashqari butun dunyoda elektron mashinalarga o‘tish “trend”ga aylanmoqda, masalan, Yevropa 2035-yilga kelib benzin va dizelda yuradigan avtomobillardan to‘la voz kechmoqchi.
Global iqlim o‘zgarishi tobora o‘zining cho‘qqisiga chiqib bormoqda va uning yildan-yilga oqibatlari ko‘zga tashlanib boraveradi. Shu sababli uning oqibatlarini yumshatish, muammo yechimlarini izlash va ularni amaliyotga tatbiq qilish bugun har doimgidanda dolzarbdir.







