Suv toshqinlari Polsha va Chexiyaga qadar yetib kelgan bir vaqtda Eronda qurg‘oqchilik sabab namoyishlar avj oldi
Eronning janubi-g‘arbidagi Xuzeston viloyatida suv yetishmovchiligiga qarshi namoyishlar avj oldi. Fars axborot agentligi tarqatgan videolarga ko‘ra politsiya ko‘chaga chiqqan kishilarni tinchlantirish uchun quroldan foydalanyapti. Hududning xavfsizlik masalalari bo‘yicha masʼuli yakshanba kuni namoyishlar davomida kamida bir kishi halok bo‘lganini tan oldi.


Maʼlumot o‘rnida aytish joiz, Eronliklar yuzaga kelgan qurg‘oqchilik sabab bir necha kundan beri elektr energiyasidan ham uzilib qolishgan. Mutaxassislar hududda so‘nggi bir yil ichida yog‘ingarchilik 50 foizga kamayganini taʼkidlashmoqda. Bir vaqtning o‘zida Yevropa mamlakatlari suv toshqinlaridan aziyat chekmoqda. Bugun tabiiy ofat Polshaga ham yetib bordi. Krakovadan 30 kilometr janubda bo‘lgan hududdagi aholi uylarini suv bosdi. Mahalliy aholi evakuatsiya qilindi.
Chexiyaning shimoliy, Germaniyaning janubiy qismidagi kutilmagan talofatlar sabab ikki mamlakatni bog‘lovchi temir yo‘l faoliyati to‘xtatildi.
Hozirda Germaniyaning bir qancha hududlarida favqulodda holat eʼlon qilingan. Mamlakat g‘arbidagi Keln viloyatida neft quyilishi kuzatildi. Mutaxassislar ifloslangan suv suv omboriga tushgan bo‘lishi mumkin degan taxminda.
Eslatib o‘tamiz, mana shunday kuchli suv toshqinlari 2010 yilning may-iyun oylarida ham sodir bo‘lgandi. O‘shanda ham Yevropaning markaziy qismi sanalgan Polsha, Chexiya, Vengriya, Avstriya va Germaniya suv bilan to‘lgandi.







