Afg‘oniston hukumati armiyasi «Tolibon»ning 230 dan ortiq jangarisini yo‘q qildi
Afg‘oniston Milliy mudofaa va xavfsizlik kuchlari o‘tgan kun davomida «Tolibon»ning 233 nafar jangarisini yo‘q qildi, yana 88 nafarini jarohatladi.

Bu haqda 19 iyul kuni Afg‘oniston Mudofaa vazirligi o‘zining Twitter sahifasida maʼlum qildi, deb yozadi Anadolu Agency.
Vazirlik maʼlumotlariga ko‘ra, milliy armiya Nangarhor, G‘azni, Qandahor, Juzjon, Saripul, Faryob, Balx, Helmand, Taxar va Qunduz viloyatlarida harbiy operatsiyalar o‘tkazgan.
Xavfsizlik kuchlari 15 ta qo‘lbola portlovchi moslamani topib, zararsizlantirgan.
Afg‘oniston milliy armiyasining «Shoxin» 209-korpusi matbuot markazi xabar berishicha, mamlakat shimoli-g‘arbidagi Samangan viloyatining Darayi-Sufi Bala tumanini ozod qilish operatsiyasi davomida hukumat kuchlari «Tolibon»ning ushbu mintaqadagi barcha qo‘mondonlarini yo‘q qilgan.
«O‘zini tumandagi ‘Tolibonʼlar rahbari deb eʼlon qilgan harakatning o‘n nafar vakili, ularning o‘rinbosarlari va harakatning ikki asosiy qo‘mondoni o‘ldirildi, 15 nafar jangari yaralandi, dushmanga tegishli ko‘plab qurol-yarog‘, o‘q-dorilar va 11 ta transport vositasi musodara qilindi», — deyiladi xabarda.
Taʼkidlanishicha, tumanning chekka hududlarida janglar davom etmoqda, mudofaa kuchlari va militsiya bo‘linmalari hudud to‘liq tozalanmaguncha operatsiya o‘tkazadi.
18 iyul kuni Qatar poytaxti Doha shahrida afg‘onistonlik siyosatchilari delegatsiyasi va «Tolibon» vakillari o‘rtasida ikki kunlik muzokaralar yakunlandi. Tomonlar tinchlik muzokaralarini davom ettirishga kelishib oldi, ammo sulhga erishilmadi.
Baʼzi ommaviy axborot vositalari ikki tomon Qurbon hayiti kuni mahbuslarni almashish bo‘yicha kelishuvga erishgani haqida xabar bergan. Ammo «Tolibon»ning Qatardagi siyosiy idorasi vakili Muhammad Naim buni rad etdi.







