“Tolibon — bu katta taʼsirga ega bo‘lgan kuch va uni butun afg‘oniston tinchlik jarayoniga qo‘shish kerakligi aniq” - Sodiq Safoyev
Oliy Majlis Senati raisi o‘rinbosari Sodiq Safoyev 15-16 iyul kunlari poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” xalqaro anjumani doirasida haqqin.az saytiga intervyu berdi. Unda O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan o‘zaro munosabatlari, davlatlararo savdo va afg‘on muammosining ko‘p tomonlama diologi haqida gapirdi.


Maqolada aytilishicha, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qo‘shnilar - Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan munosabatlarni tiklagan holda, dunyo arenasiga yangi tashabbus bilan chiqdi: Markaziy Osiyoni 80 milliondan ortiq aholi yashaydigan Janubiy Osiyo bilan bog‘lash.
Konferensiyaning ochilishida Shavkat Mirziyoyev bir vaqtning o‘zida bir nechta istiqbolli loyihalarni taqdim etdi. Ular orasida Termiz (O‘zbekiston) -Mozori-Sharif-Qobul (Afg‘oniston) -Peshavor (Pokiston) temir yo‘lining qurilishi ham bor. Takliflar ilgari surilayotgan bir vaqtda Afg‘onistondan AQSH qo‘shinlarining olib chiqilishi sifat jihatidan yangi vaziyatni yuzaga keltirayotganini ham barcha birdek tushunadi.
Afg‘oniston — geografik joylashuviga ko‘ra Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari uchun keng savdo va logistika imkoniyatlariga ega bo‘lgan davlat, shu bilan birga mintaqa salohiyatini yirik iqtisodiy klasterga birlashtirishi mumkin.
Ammo mazkur rejalarni amalga oshirish ushbu Afg‘onistondagi barqarorlikni talab etadi. Sodiq Safoyevning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistondagi vaziyat asosan mintaqaviy kuchlarning Qobulga nisbatan siyosati bilan bog‘liq.
- Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun barqarorlik, Afg‘onistondagi voqealar rivojini oldindan ko‘ra bilish kerak. Voqealar rivoji nazorat qilinmaydigan va boshqarilmaydigan mamlakatga katta sarmoyalar tushmaydi. Biz konferensiya turli mamlakatlarni Afg‘onistonda yirik loyihalarni amalga oshirishlari uchun muhokamalar, dialoglar platformasiga aylana oldi degan umiddamiz. Ushbu munozara bugun boshlandi. Turli xil qarashlar ifoda etilyapti.Ushbu konferensiyaga talab aynan turli xil qarashlarni birlashtirishga harakat qilishda ham namoyon bo‘ladi. Hamma Afg‘onistondagi beqarorlik biz ko‘rib chiqayotgan barcha mintaqaviy loyihalarni orqaga qaytarishini tushunadi. Mamlakatning xaosga tushib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Afg‘oniston o‘z xoliga tashlab qo‘yilishi ortidan nafaqat mintaqa balki butun dunyo uchun muammolar markaziga aylanishi kabi o‘tmishdagi xatolarni takrorlamaslik lozim. Biz har doim Afg‘onistonga muammolar yaratuvchisi sifatida emas, balki imkoniyat manbai sifatida qarash kerakligini aytganmiz. Bugun paydo bo‘lgan umid nurini qo‘llab-quvvatlash kerak. Birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan Afg‘onistonni boshqarib bo‘lmaydigan jarayonlarga o‘tib ketishining oldini olish mumkin degan umid bor. Hech bo‘lmaganda, bundan barchamiz manfaatdormiz, -deydi Sodiq Safoyev.
- Siz Tolibonning davlatni shakllantirish kuchiga aylanish qobiliyatini qanday baholaysiz? Moskvaga yoki Doxaga kelgan harakat delegatsiyalari qanchalik birdam? Ularni birlashgan Tolibon vakillari deyish mumkinmi?
- Men Tolibon bilan muloqotda bevosita ishtirok etmaganman. Ammo u bilan birga ishlagan hamkasblarimdan bilamanki, Tolibon vakillari dunyo o‘zgarganligini aniq tushunishadi. Afg‘oniston ham o‘zgardi va ular yangi haqiqatni qabul qilishga tayyor. Har qanday holatda ham Tolibonni eʼtiborsiz qoldirib bo‘lmaydi. Bu katta taʼsirga ega bo‘lgan kuch va uni butun afg‘oniston tinchlik jarayoniga qo‘shish kerakligi aniq.
- Afg‘onistonning Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi toliblar tomonidan boshlarini kesib tashlash sahnalari aks etgan videotasvirlarni ular bilan muzokaralar olib borish mumkin emasligi haqidagi izoh bilan birga tarqatdi. Demakki, harakatning bir qismi yetakchi siyosiy kuchga aylanishni, imidjini o‘zgartirishni istasa, boshqalari qirg‘inni davom ettirmoqda.
- Men ushbu videoni ko‘rdim. Toliblar birdam emas, markazlashgan yagona mafkuraga qaratilgan harakat yo‘q. Tolibon tarkibiga o‘ta radikal va o‘rtacha darajadagi odamlar kiradi. Men shaxsan o‘zim aminmanki, Afg‘onistondagi jarayon, avvalo, afg‘onistonning ichida bo‘lishi kerak va tashqi kuchlar tinchlik jarayoniga yordam berishi, qandaydir tarzda uni rag‘batlantirishi lozim.
Maʼlumot o‘rnida, 16 iyul kuni Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani Toshkentdagi xalqaro konferensiyada so‘zga chiqar ekan “Toliblar bilan muzokara olib borish uchun barcha choralardan foydalanyapmiz” , - deya bildirgan .







