Jeff Bezos kosmosga parvozidan so‘ng 200 mln dollarni xayriyaga ajratdi
Qayd etilishicha, tashkilot o‘tgan haftada Germaniyadagi suv toshqinlaridan jabrlangan aholiga yordam berdi.


Amazon sobiq bosh direktori Jeff Bezos 200 mln dollar mablag‘ni ikki ijtimoiy tadbirkorga xayriya sifatida ajratdi. U bu haqda kosmosga parvozidan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida eʼlon qildi.
Bosh oshpaz Xose Andres Bezosdan 100 mln dollar oladi. Andres 2018 yilda tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga tavsiya qilingandi. U 2010 yilda World Central Kitchen loyihasi hammuallifi bo‘lgan. Mazkur notijorat tashkilot dunyoning tabiiy ofatlardan zarar ko‘rgan hududlaridagi aholining ovqatlanishini tashkil etishda yordam beradi. Qayd etilishicha, tashkilot o‘tgan haftada Germaniyadagi suv toshqinlaridan jabrlangan aholiga yordam berdi.
Yana 100 mln dollarni CNN siyosiy eksperti Ven Jons oladi. Jons mahbuslar huquqlari va ularning jamiyatga integratsiyasi bilan shug‘ullanadigan bir nechta notijorat tashkilotlar va harakatlar asoschisi hisoblanadi.
Bezosning so‘zlariga ko‘ra, Jons va Andres mablag‘lardan o‘zlari istaganidek foydalanishlari mumkin. Jeff Bezos Courage and Civility Award tashabbusini boshlaganini maʼlum qildi: biznesmen global muammolar yechimi bilan shug‘ullanayotgan insonlarga mablag‘ ajratadi.







