Tojikistonda qurolli kuchlar va xavfsizlik kuchlari tayyorgarlik holatiga keltirilgan
Tojikistonda payshanba kuni mamlakat qurolli kuchlari va xavfsizlik kuchlarining barcha bo‘linmalari tayyorgarlik holatiga keltirilgan.


Bunday tekshirish suveren Tojikiston tarixida birinchi marta amalga oshirilmoqda. 100 ming harbiy va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari, shuningdek, 130 ming zaxira zobitlari va oddiy askarlar jalb qilingan. Bundan tashqari, 20 ming askar va zaxira zobitlari tojik-afg‘on chegarasiga "chegara qo‘shinlarini to‘ldirish uchun" yuborildi.
Taʼkidlanishicha, Tojikistonda qurolli kuchlarning jangovar tayyorgarligini tekshirish Afg‘oniston chegarasidagi vaziyatdan xavotir kuchayib borayotgan bir paytda amalga oshirilgan. Ayniqsa, toliblar tojik-afg‘on chegarasidagi ko‘pgina chegara hududlarni egallab olgandan keyin.
Ushbu hafta boshida Rossiya Afg‘onistonga havo kemalari orqali harbiy texnika yetkazib berdi. Tojikistondagi 201-harbiy bazadan Rossiya Federatsiyasi tankchilari Lyaura poligonidan Afg‘oniston bilan chegaradosh Harb-Maydon poligonigacha 200 km yurish qildilar.
O‘z navbatida, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Moskva Afg‘onistondagi ichki vaziyatga aralashishni rejalashtirmayapti, deya taʼkidlagan.
Maʼlumki, Afg‘onistondan NATO qo‘shinlarini olib chiqish fonida Tolibon keng ko‘lamli hujumlarni amalga oshirmoqda va mamlakatning ulkan hududlarini o‘z nazoratiga olishga muvaffaq bo‘ldi.
Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani toliblar uch oy ichida mag‘lub bo‘lishini vaʼda qilmoqda.
Nasiba To'xtayeva







