Kimga “aʼlo”, kimga “qoniqarsiz”. Endilikda Prezident qaroriga ko‘ra rahbarlar o‘rinbosarlarining faoliyati baholanadi
Prezident “Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlarining faoliyati samaradorligini baholash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.


Unga ko‘ra, davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlarining faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarga erishishini baholashning asosiy mezonlari va ko‘rsatkichlari statistik va idoraviy hisobotlar hamda tahliliy maʼlumotlar asosida tizimli monitoring qilinadi;
Monitoring natijalari asosida rahbarlar o‘rinbosarlarining faoliyati tanqidiy tahlil asosida tegishli davlat boshqaruv organlari kollegial organi va xo‘jalik birlashmalarining kuzatuv kengashlarida hamda Vazirlar Mahkamasida har chorak yakuni bo‘yicha muhokama qilib boriladi;
Baholash mezonlari va ko‘rsatkichlari asosida har bir rahbar o‘rinbosari faoliyatiga baho berish orqali ularga rag‘batlantirish yoki intizomiy javobgarlikka tortish choralari ko‘riladi.
Davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlari faoliyati har chorak yakuni bo‘yicha kollegial organ yig‘ilishida tanqidiy muhokama qilinadi hamda baholanadi. Bunda, rahbar o‘rinbosarlari tomonidan faoliyat ko‘rsatkichlari ijrosi 70 foizdan kam taʼminlanganda – “qoniqarsiz”, 71 foizdan 90 foizgacha – “qoniqarli”, 91 foizdan 99 foizgacha – “yaxshi” hamda 100 foiz va undan yuqori bo‘lganda “aʼlo” deb baholanadi;
Rahbarlar o‘rinbosarlarining faoliyati ko‘rsatkichlari ijrosi ustidan monitoringni amalga oshirishda asosiy eʼtibor iqtisodiyot tarmoqlari, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik sohalarida, ishni rejalashtirish va “temir intizom”ga asoslangan qatʼiy ijro intizomini taʼminlash, ijtimoiy sohalardagi ustuvor masalalarga qaratiladi.







