Makron o‘zining Gitlerga o‘xshatilishiga chiday olmadi
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron o‘zining Adolf Gitlerga o‘xshatib qilingan kollaji uchun Mishel-Ange Flori ismli fuqaroni sudga berdi.


Kollaj Fransiyaning janubidagi Tulon va La-Sen-syur-Mer shaharlari o‘rtasida osilgan bo‘lib, unda prezident Makron fashistlar yetakchisi Gitlerga o‘xshatilgan va yoniga «Itoat qil, emlan!» deb yozilgan. Makronning istagiga ko‘ra, Parijdagi advokatlik firmalaridan biri ushbu kollajni tayyorlagan Florining ustidan sudga shikoyat qildi. Flori “jamoat joyida prezidentni haqorat qilish” bo‘yicha ayblanyapti.
Fransiya prezidenti baʼzi kasb egalarining koronavirusga qarshi majburiy emlanishi haqidagi qonun tufayli tanqidga uchrayapti. 26 iyul kuni parlamentda qabul qilingan qonunda kasalxonalar va qariyalar uylari xodimlari, o‘t o‘chiruvchilar singari muayyan kasb egalarining majburan emlanishi belgilab qo‘yilgan. Ommaviy norozilik namoyishlari ham ushbu qonunning qabul qilinishini to‘xtatib qololmadi.







