Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan bo‘ladigan ochiq muloqotiga tayyorgarlik qanday ko‘rilmoqda?
30 iyul kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan bo‘lajak ochiq muloqotiga tayyorgarlik ko‘rish, tadbirkorlar murojaatlarini qabul qilish va tahlil etish bo‘yicha Shtab faoliyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov, investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari A.Voitov, biznes-ombudsman D.Qosimov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish kotibiyati mudiri A.Allamurodov spikerlar sifatida so‘zga chiqdi.
Rejalashtirilgan tadbirga tayyorgarlik ko‘rish jarayoni, shuningdek, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda tashkil etilgan tadbirkorlar murojaatlarini qabul qilish va tahlil etish bo‘yicha Shtab faoliyati muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, iqtisodiy o‘sishni taʼminlashda o‘rta va kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlikni rag‘batlantirish muhim o‘rin tutadi. Ayni paytda bu yo‘nalishda amaliy chora-tadbirlar ko‘rilayotganiga qaramay, tadbirkorlar o‘z faoliyati davomida bir qator tizimli va xususiy muammolarga tez-tez duch kelmoqda.
Shu munosabat bilan, davlat va biznes o‘rtasida konstruktiv muloqot o‘rnatish va joylardagi vaziyatni xolisona baholash uchun tadbirkorlar va investorlar bilan maqsadli ishlarni faollashtirish hamda mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yana-da yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish muhimligi taʼkidlandi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘tkazish mamlakat ishbilarmonlik doiralari vakillari bilan munosabatlarning tubdan yangi shakli ekanligi haqida fikrlar bildirildi.
Shtab faoliyati va tadbirkorlardan eng ko‘p tushayotgan murojaatlar masalalariga to‘xtalib o‘tildi. Statistik maʼlumotlarga ko‘ra, kredit resurslari, yer uchastkalari ajratish, ishlab chiqarish korxonalarini muhandislik infratuzilmasiga ulash va tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq masalalar eng ko‘p uchrayotgan muammolardir.
- Shtablar hududlarda ham faoliyat ko‘rsatmoqda - deydi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov. — Ularga har bir masʼul vazirlik va idoradan uch nafar xodim biriktirilgan. Tadbirkorlardan kelib tushayotgan taklif va murojaatlari 16 yo‘nalishga taqsimlanib, ularning har biri bo‘yicha alohida monitoring olib borilmoqda. Qabul qilingan yakka tartibdagi murojaatlarga ko‘ra, ishchi guruh vakillari tadbirkorlar bilan shaxsan bog‘lanib, ularning masalalarini zudlik bilan hal etish choralarini ko‘rmoqda.
Shtab tashkil etilganidan buyon tadbirkorlardan 7146 ta murojaat, jumladan, xususiy xarakterdagi 5783 ta murojaat, tizimli xarakterdagi 1234 ta masala va boshqalar kelib tushgani maʼlum qilindi.
Shtabning tahliliy guruhi tizimli va alohida muammolar bo‘yicha kelib tushayotgan murojaatlarni tizimlashtirish va tasniflash hamda ularning yechimlarini ishlab chiqish ustida ish olib bormoqda.







