Markaziy saylov komissiyasi saylov logotipiga ayrim imloviy tuzatishlar kiritdi
Joriy yil 23 iyul kuni mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasiga start berilgan.

Shuningdek, 28 iyul kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida saylov logotipining taqdimoti o‘tkazilgan.
Markaziy saylov komissiyasining xabar berishicha, Mazkur taqdimotdan so‘ng logotip, uning ranglari, tuzilishi va dizayni xususida ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab fikr-mulohazalar bildirilgan.
Ushbu muhokamalarda bildirilgan takliflar Markaziy saylov komissiyasining ishchi guruhi tomonidan soha mutaxassislarini jalb qilgan holda o‘rganilgan. O‘rganishlar natijasida logotipga ayrim imloviy tuzatishlar kiritilgan.
Shuningdek, mazkur logotipni yaratish jarayoniga mablag‘ sarf etilmaganligi maʼlum qilingan.
Markaziy saylov komissiyasi mamlakat jamoatchiligi saylov jarayonlariga befarq emasligini eʼtirof etgan va o‘z minnatdorligini bildirgan. Xabarda kelgusida ham Markaziy saylov komissiyasining faoliyati borasida bildirilgan har qanday xolis fikr-mulohaza eʼtiborsiz qolmasligi aytilgan.







