Bugun yurtimizda Temir yo’l transporti xodimlari kuni nishonlanmoqda
Bayram munosabati bilan eng faol xodimlar “Faxriy temiryo‘lchi” belgisi bilan taqdirlandi.

30 iyul kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida soha xodimlarining kasb bayramiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi v.b. X.Xasilov, uning o‘rinbosarlari, boshqarma boshliqlari hamda bir guruh temiryo‘lchilar, mukofot sohiblari ishtirok etdi.
Bayram tadbirida X.Xasilov so‘zga chiqib barcha temiryo‘lchilarni yaqinlashib kelayotgan O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi hamda Temiryo‘lchilar kasb bayrami bilan muborakbod etdi.
Bu yil 29 nafar temiryo‘lchi uzoq yillik samarali mehnati, ishdagi yutuqlari va tashabbus ko‘rsatganligi munosabati bilan “Faxriy temiryo‘lchi” belgisi hamda O‘zbekiston Respublikasida joriy etilgan bazaviy hisoblash miqdorining sakkiz barobarida pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining 2 nafar xodimi "Qazaqstan temir joli” Milliy kompaniyasi tomonidan “Turkiston – Sibir” temir yo‘lining 90 yilligi munosabati bilan mukofotlandi. X.Xasilov ushbu mukofotlarni o‘z egalariga tantanali tarzda topshirdi.







