Qozog‘istonning yirik shaharlarida karantin choralari kuchaytirildi
Qozog‘istonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat murakkabligi sababli respublikaning yirik shaharlarida 2 avgustdan cheklovlar kuchaytiriladi.

Respublikaning koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha komissiyasi maʼlumotlariga ko‘ra, mamlakatda qayd qilinayotgan kunlik kasallanish holatlarining 65 foizi hamda virusdan o‘lim holatlarining 55 foizi aynan yirik shaharlarga to‘g‘ri kelmoqda.
Komissiya poytaxt Nur-Sulton, Almati, Chimkent, Atirau va Qarag‘andada karantin choralarini qatʼiylashtirishga qaror qilgan. Bu choralar orasida markaziy davlat idoralari, hududiy maʼmuriyatlar, huquq-tartibot idoralari, sog‘liqni saqlash muassasalari, OAV, oziq-ovqat do‘konlari, dorixonalar va hayotni taʼminlash tashkilotlaridan tashqari, Ashyq loyihasida ishtirok etmayotgan barcha korxonalar va tashkilotlar faoliyatini to‘xtatish bor.
Bundan tashqari, tomosha, sport, oilaviy, xotira va boshqa ommaviy tadbirlarni o‘tkazish taqiqlanadi. Davlat idoralari, ofislar, milliy kompaniyalar va boshqa tashkilotlarning emlangan va oxirgi 3 oy ichida koronavirusdan sog‘aygan xodimlaridan tashqari, 80 foiz xodimlari masofadan ishlashga o‘tkaziladi.
Shuningdek, Oqmala, Olmaota va Qarag‘anda oblastlari maʼmuriyatlariga Nur-Sulton, Almati, Chimkent va Qarag‘anda shaharlariga tutash hududlarda cheklovlarni kuchaytirish bo‘yicha choralar qabul qilish buyurilgan.
18,9 mln aholiga ega Qozog‘istonda pandemiya boshidan beri kasallanganlar soni 580 mingdan oshib ketdi, virusdan vafot etganlar soni 5,9 mingdan ko‘proqni tashkil qilmoqda.







