Tolibon harakati Afg‘oniston prezidentini yo‘q qilish bilan tahdid qildi
Bu haqda harakat rasmiy vakili Zabihullo Mujohid o‘zining Twitter sahifasida maʼlum qildi.

Mujohidning qayd etishicha, Ashraf G‘anining barcha nutqlari “qo‘rquvni nazorat qilish” ga qaratilgan. Ushbu xabarda Tolibonga urush eʼlon qilish yoki uni shafqatsizlikda ayblash prezident “umrini uzaytirmaydi”, “Afg‘oniston xalqi millat xoinlarini taʼqib qilish va odil sudga berishga qaror qildi”, deb aytib o‘tilgan.
Mujohidning ushbu bayonoti G‘anining Afg‘oniston parlamentida Tolibonni shafqatsizlikda ayblab chiqishi ortidan yuz berdi. Afg‘oniston prezidenti Tolibon jang maydonida vaziyat o‘zgarmaguncha tinchlik muzokaralariga qaytmasligini alohida qayd etdi.
Bundan avval BMTning Afg‘onistondagi vakolatxonasiga hujum uyushtirilganligi maʼlum qilingan edi.







