AQSHni texnik defolt kutmoqda
AQSH hukumati yangi kredit olishni cheklovchi chegaraga yetib keldi. Bu haqda Bloomberg agentligi maʼlum qildi.

Amerika qonun chiqaruvchilari 2019 yilda hukumat uchun limit o‘rnatgan: 22 trillion dollardan ko‘p qarz olish mumkin emas. Hozir bu summaga o‘tgan ikki yil davomida to‘planib qolgan qarzlar ham qo‘shilsa, uning umumiy hisobi 28,5 trillion dollarni tashkil etadi.
Muzlatish haqidagi qaror pandemiyadan oldin qabul qilingan edi, ammo shundan keyin hukumat umummilliy vaksinatsiya, biznes va odamlarni qo‘llab-quvvatlashga xarajat qildi. Shu sababli endi Amerika o‘z kreditorlariga 28,5 trillion qarz bo‘lib qoldi. Bu hukumat endi boshqa qarz ololmasligini anglatadi.
Xabar qilinishicha, ayni paytda vaziyatni o‘zgartirishning iloji yo‘q va AQSHni texnik defolt kutmoqda.
Peterson xalqaro iqtisodiyot universiteti katta ilmiy xodimi Devid Uilkoks kongressmenlar zudlik bilan muzokara stoliga o‘tirishlari keraklishini aytmoqda.
Ammo hozir taʼtil mavsumi bo‘lgani uchun sentyabrgacha jiddiy chora ko‘rishning imkoni yo‘q.
Vakillar palatasi byudjet qo‘mitasi raisi Jon Yarmut jurnalistlarga hozircha bu borada hech qanday reja yo‘qligini bildirgan.
AQSHga xavf solib turgan texnik defolt milliy valyuta kursining pasayishiga olib keladi.
Moliya vazirligi hozircha mavjud bo‘lgan 450 milliard dollardan foydalanishi va zudlik bilan qaror qabul qilishi kerak. Bloomberg xabariga ko‘ra, Moliya vazirligi shu yilning 30 iyulidan ana shunday rejimga o‘tgan.
Sharofat Mahmudova







