Veolia Toshkent issiqlik taʼminoti tizimini boshqaradi
Dushanba kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida issiqlik taʼminoti tizimini modernizatsiya qilish loyihasi taqdimoti bilan tanishdi.

Poytaxtda 9165 ta ko‘p qavatli uy, 3475 ta ijtimoiy obyekt markazlashgan issiqlik taʼminotiga ulangan. Lekin, magistral va tarqatish tarmoqlarning 72%, markaziy qozonxonalarning hammasi, mahalliy qozonxonalarning 90% eskirgan. O‘tgan yili issiqlik energiyasi yo‘qotilishi 630 mlrd so‘mni (44 %) tashkil etgan.
Oqibatda “Toshissiqquvvati” DUKda juda katta debitor qarzdorlik — 2 trln so‘m ($190 mln) yig‘ilib qolgan.
Shu bois, Fransiyaning Veolia kompaniyasiga 30 yil ichida 315 mln yevro va loyiha davrida olinadigan daromad hisobidan 1 mlrd 80 mln yevro investitsiya kiritish evaziga Toshkent issiqlik taʼminoti tizimi boshqaruvini berish ko‘zda tutilgan.
Qolaversa, 10 yilda Toshkentdagi barcha qozonxonalarni yopiq issiqlik taʼminoti tizimiga o‘tkazish reja qilingan. Sinov loyihalari ikki tumanda amalga oshiriladi.







