O‘zbekistonning Yaponiyadagi yangi elchisi ishonch yorlig‘i nusxasini topshirdi
O‘zbekistonning Yaponiyadagi yangi elchisi etib tayinlangan Muhsinxo‘ja Abdurahmonov Yaponiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Takeo Moriga ishonch yorlig‘i nusxasini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Takeo Mori elchini yangi lavozim bilan tabrikladi va faoliyatiga omad tiladi. Ikki tomonlama suhbat davomida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2019 yilning dekabrida Yaponiyaga tashrifi davlatlararo munosabatlarning yana-da rivojlanishiga katta turtki bergani qayd etildi. Shuningdek, ikki davlat rahbarlarining 2021 yil 12 maydagi telefon muloqoti davomida strategik hamkorlikni yana-da mustahkamlash bo‘yicha kelishuvga erishilgani aytib o‘tildi. Takeo Mori 2022 yilda Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilishiga 30 yil to‘lishi munosabati bilan qo‘shma madaniy tadbirlar o‘tkazilib, keng nishonlanishiga ishonch bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, Muhsinxo‘ja Abdurahmonov bungacha Tashqi ishlar vazirligi boshqarma boshlig‘i lavozimida ishlagan. U G‘ayrat Fozilovning o‘rniga elchi bo‘ldi. G‘.Fozilov 2021 yilning aprelida mamlakatimizTashqi ishlar vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi.







