Qozog‘istonda majburiy maktab formasi bekor qilindi
Qozog‘istonda 2021/2022-o‘quv yilida o‘rta taʼlim muassasalarida maktab formasi majburiy bo‘lmaydi. Bu haqda Qozog‘iston taʼlim va fan vaziri Asxat Aymagambetov Facebook‘dagi sahifasida eʼlon qildi. O‘quvchilar klassik uslubdagi kiyimda darslarga qatnashishi mumkin.

Vazirlik qarori mavjud karantin cheklovlari va pandemiya paytida forma sotib olishning savdo markazlarida navbatlar keltirib chiqarishini, shuningdek, mamlakatdagi iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli ayrim oilalar byudjetiga jiddiy yuk bo‘lishini istamaslik bilan izohlandi.
«Barcha ijobiy va salbiy tomonlarini taroziga solib, biz turli sharoitlarda uni sotib ololmaydiganlar uchun maktab formasi kiyishni ixtiyoriy qilishga qaror qildik. Kelgusi o‘quv yili mobaynida bolalar maktabga vaqtincha nafaqat maktab formasida, balki klassik uslubdagi kiyimda ham borishi mumkin »,— deb yozadi vazir.
O‘tgan o‘quv yili arafasida ham vazirlik xuddi shunday qarorni eʼlon qilgandi, lekin aksariyat qozog‘istonlik maktab o‘quvchilari sentyabrdan maygacha masofaviy shaklda taʼlim oldi. 2021 yil may oyida respublika o‘qituvchilar kengashida Aymagambetov «kelasi yil ham masofaviy shaklda o‘qitilsa, Qozog‘iston taʼlim tizimi omon qolmasligini» aytdi.
Iyul oyida mamlakat prezidenti «hukumatga yangi o‘quv yilida o‘quvchilar va talabalarning anʼanaviy formatga qaytishini taʼminlash to‘g‘risida ko‘rsatma berdi».
2 avgust kuni Taʼlim va fan vazirligida maʼlum qilinishicha, o‘quv shakli to‘g‘risida qaror koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha idoralararo komissiya, mamlakat bosh davlat sanitariya shifokori va hududlarning bosh sanitariya vrachlari tomonidan qabul qilingan.







