Afg‘oniston: uch yirik shahar uchun qonli janglar davom etmoqda
So‘nggi kunlarda Afg‘onistonda vaziyat tobora keskinlashib bormoqda. “Tolibon” yirik shaharlarga hujumni boshladi. Hozirda Lashkargoh, Qandahor va Hirot uchun qonli janglar ketmoqda.


So‘nggi maʼlumotlarga ko‘ra, Hilmand viloyati markazi Lashkargohdagi janglar ko‘chalarda bo‘lyapti. Avvalroq “Tolibon” shahardagi telemarkaz ofisini egallab olgandi. 4 avgust kuni Lashkargoh politsiya boshlig‘i “Tolibon” tarafiga o‘tib ketgani maʼlum bo‘ldi. Shu kuni Afg‘oniston Harbiy havo kuchlari Hilmand viloyatida Tolibonga zarba berdi. Natijada 54 jangari halok bo‘ldi.
Qandahorda ham vaziyat jiddiy. Politsiya maʼlumotlariga ko‘ra, hozirgacha “Tolibon” qo‘lida 900 nafar tinch aholi vakillari o‘ldirildi. Shu sababli mahalliy maʼmuriyat aholidan xavfsiz joylarda qolishni so‘radi.
Mamlakatda vaziyat keskinlashuvi ortidan 6 avgust kuni BMT Xavfizlik kengashining Afg‘oniston masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.
Afg‘onistonda “Tolibon” va rasmiy hukumat o‘rtasidagi harbiy to‘qnashuvlar AQSH va NATO qo‘shinlari olib chiqib ketilayotgani ortidan kuchayib ketdi. Bugungacha “Tolibon” mamlakatning katta qismini egalladi.
Jahongir Qo‘ziyev







