O‘zbekiston — Eron: parlamentlararo aloqalarning yangi ufqlari
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Eron Islom Respublikasi Islomiy Kengash Majlisi o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish va o‘zaro tajriba almashini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq ko‘plab masalalar atroflicha muhokama qilindi.


Avval xabar berganimizdek, shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov boshchiligidagi delegatsiya Tehron shahrida bo‘lib turibdi.
Tashrif doirasida Spiker boshchiligidagi delegatsiya Eron Islom Respublikasi Islomiy Kengash Majlisi raisi Muhammad Bagir Qolibof bilan uchrashdi.
Muloqotda Eron parlamenti raisi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida mamlakatda siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga ijobiy baho berdi. Turli sohalarda olib borilayotgan yangi o‘zgarishlar, jamiyatni modernizatsiyalash jarayonlari natijasi o‘laroq, bugungi kunda O‘zbekiston parlamentining roli tobora oshib borayotganini eʼtirof etdi.
Eron parlamenti raisi Afg‘oniston muammosining mintaqa uchun nihoyatda dolzarbligini taʼkidlagan holda O‘zbekistonning mazkur masalani ijobiy hal qilishga qaratilgan maqbul saʼy-harakat ekaniga urg‘u berdi. Ushbu mamlakatda barqaror tinchlikka erishishda Prezident Shavkat Mirziyoyevning odilona tashqi siyosati va tashabbuslari yaqin kelajakda o‘zining ijobiy samarasini berishiga ishonch bildirdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Eron Islom Respublikasi Islomiy Kengash Majlisi o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish va o‘zaro tajriba almashini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq ko‘plab masalalar atroflicha muhokama qilindi.

— Tomonlar uchun ustuvor bo‘lgan barcha yo‘nalishlardagi munosabatlarni izchil rivojlantirish va yuqori samaralarga erishish maqsadida Eron tomoni parlamentlarning ixtisoslashgan qo‘mitalari o‘rtasidagi ikki tomonlama kooperatsiyalarni kengaytirish zarur deb hisoblaydi va bu yo‘nalishda O‘zbekiston bilan hamkorlikka tayyor — dedi Eron parlamenti raisi.
Shuningdek, B.Qolibof O‘zbekiston va Eron parlamentlari kutubxonalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlar instituti va Eron Islom Respublikasi Islomiy Kengash Majlisining Tadqiqotlar Markazi o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish orqali o‘zaro axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yishdan manfaatdorligini bildirdi.
Muloqot chog‘ida ikki mamlakat parlamentlari davlatlararo munosabatlarni yana-da rivojlantirish va mustahkamlashda faollik bilan o‘z hissasini qo‘shishi lozimligi taʼkidlandi.







