O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi xalqaro avtomobil qatnovlari tiklanadi
O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov Ashxobod shahrida Turkmaniston savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning turkman tomon raisi Esenmurad Orazgeldiyev bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi axborot xizmati xabar qildi.
Maʼlum bo‘lishicha, muzokarada tomonlar transport va logistika sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga eʼtibor qaratgan. Ikki mamlakat Transport vazirliklari tomonidan sanitariya-epidemiologiya talablariga rioya etgan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo transporti hamda xalqaro avtomobil qatnovlarini qayta tiklash masalalari ustida ish borilishiga kelishib olingan.
Taʼkidlanishicha, chegara o‘tish nuqtalarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish, o‘zaro savdoning o‘sishi uchun tarif va notarif to‘siqlarni bartaraf etish hamda ikki mamlakatning transport quvvatlari va tranzit salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni ishlab chiqish ishlari amalga oshiriladi. Ishlab chiqilgan chora-tadbirlar va takliflar O‘zbekiston va Turkmanistonni bog‘lovchi transport yo‘laklarini rivojlantirish uchun tegishli «Yo‘l xaritasi»da birlashtiriladi.
Bundan tashqari, komissiyaning O‘zbekistondagi navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Uning doirasida O‘zbekiston–Turkmaniston Ishbilarmonlar kengashining ikkinchi yig‘ilishi ham tashkil etiladi.







