O‘zbekistonda Gul yetishtiruvchilar uyushmasi tashkil etildi
O‘zbekiston Prezidenti qarori bilan Gul yetishtiruvchilar uyushmasi tashkil etildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.


Hujjatga ko‘ra, uning faoliyatini tashkil etish, malakali mutaxassislarni jalb qilish hamda uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan 20 milliard so‘m ajratiladi.
Andijon viloyatining Andijon, Izboskan va Oltinko‘l tumanlari, Namangan viloyatining Namangan va Davlatobod tumanlari hamda Jizzax viloyatining Zomin va G‘allaorol tumanlari gulchilikka ixtisoslashtiriladi.
Ushbu tumanlarda gulchilik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlik subyektlarining o‘z faoliyatlarini kengaytirishlari uchun 0,06 gektardan 1 gektargacha yer maydonlari ochiq elektron tanlov orqali 30 yilga dehqon xo‘jaligini yuritish maqsadlari uchun yer uchastkalarini ijaraga berish tartibida ajratiladi.
Shuningdek, «Har bir oila — tadbirkor» dasturi doirasida ajratilgan mablag‘larning kamida 10 foizi gulchilik loyihalarini tashkil qilish uchun ajratiladi.
Gulchilik sohasida oliy maʼlumotli kadrlarni tayyorlash maqsadida:
-
2022/2023-o‘quv yilidan boshlab qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi OTMlarida Gulchilik magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi;
-
2021/2022-o‘quv yilidan boshlab Manzarali bog‘dorchilik va ko‘kalamzorlashtirish bakalavriat taʼlim yo‘nalishining o‘quv rejasiga gulchilikka oid mutaxassislik fanlari kiritiladi va ularning o‘quv soatlari oshiriladi.
Gul eksporti bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlarining gul ko‘chatlari, urug‘lari, piyozlari va payvandtaglari importi uchun sarflagan transport xarajatlarining 50 foizi Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan qoplanadi.
2023 yil 1 yanvarga qadar respublika hududiga olib kirilayotgan tuganaklar, piyozboshlar, tuganaksimon ildizlar, tuganak piyozlar, ildizpoya hamda boshqa tirik o‘simliklar (jumladan, ildizlari), qalamchalar va parxishiga nisbatan bojxona bojining “nol” stavkasi belgilanmoqda.
Toshkent va Namangan shaharlarida yirik ulgurji gul bozori tashkil etiladi.







