Pandemiyadan qaysi soha eng ko‘p zarar ko‘rdi?
COVID-19 pandemiyasi jahon iqtisodiyotiga kuchli zarba berdi. Barcha mamlakatlarning birin-ketin lokdaun eʼlon qilishi odatiy xo‘jalik faoliyatini izdan chiqardi.

2020 yilda eng ko‘p zarar ko‘rgan soha bu, shubhasiz, turizm bo‘ldi. Lokdaun tufayli davlatlar o‘z chegaralarini butunlay yopdi, buning oqibatida turistlar oqimi to‘xtab qoldi.
2019 yilda dunyo bo‘ylab jami bir yarim milliard kishi sayohat qilgan bo‘lsa, 2020 yilning yanvar-may oylarida bu ko‘rsatkich 56 foizga kamaydi. Butunjahon turizm va sayohat itifoqi maʼlumotlariga ko‘ra, pandemiyadan avval — 2019 yilda Turizmning dunyo YAIMdagi ulushi 10.4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yilda bu ko‘rsatkich 5.5 foizga tushib ketdi. 2019 yilda turizmdan 9.2 trillion AQSH dollari miqdorida daromad qilingan bo‘lsa, 2020 yilda bu ko‘rsatkich qariyb ikki barobar kamayib, 4.5 trillion AQSH dollarini tashkil etdi.
Turizm inqirozi ishsizlik darajasini ham oshirib yubordi. Masalan, 2019 yilda turizm va u bilan bog‘liq sohalarga har 4-yangi ish o‘rni to‘g‘ri kelgan, natijada har yili global mehnat bozorida 334 million yangi ish o‘rni yaratilgan. 2020 yilda esa turizmda mehnat qilayotganlar soni 272 million kishiga tushib ketdi, natijada 62 million kishi ishsiz qoldi. Butunjahon turizm va sayohat itifoqining taʼkidlashicha, bu ko‘rsatkich yana-da kamayishi mumkin. Chunki hozirda ko‘plab ish o‘rinlari davlat ijtimoiy yordami bilan saqlab turilibdi. Xalqaro turizmning to‘la tiklanishi uchun mamlakatlar o‘z chegaralarini ochishi va sayohatlar yana to‘liq yo‘lga qo‘yilishi lozim.
O‘zbekistonda ham pandemiya tufayli bosqichma-bosqich o‘sib borayotgan turizm salohiyati sekinlashdi. Masalan, mamlakatiimzga 2019 yilda 6.7 million chet ellik turistlar kelgan bo‘lsa, 2020 yilda bu 1 yarim millionga tushib ketdi. Ichki turizm ko‘rsatkichlari ham keskin pasaydi. Masalan, 2019 yilda O‘zbekistonda ichki turistlar soni 14.7 millionga yetgan bo‘lsa, 2020 yilda atigi 1.8 millionni tashkil etdi. Turizm eksporti esa 260 million AQSH dollari darajasida bo‘ldi.

Emlash jarayoni yo‘lga ko‘yilganidan keyin xalqaro turizm bir muncha jonlandi. Ko‘pchilik davlatlar JSST tasdiqlagan vaksina olgan shaxslarga sayohat qilishga ruxsat bermoqda. Masalan, Saudiya Arabistonida Pfizer, Moderna, AstraZeneca, Johnson&Johnson vaksinalaridan biri bilan emlanganlarga Umra ziyoratini amalga oshirishi mumkin. Kelajakda turistlarining barchasi to‘liq emlangan bo‘lishi lozim. Endilikda emlash pasportlari paydo bo‘lmoqda va sayohat qilishni istaganlar vaksina qabul qilib, ana shunday pasportga ega bo‘lishlari kerak. Turizm kelajagi pirovardida emlash bilan bog‘lanmoqda.
Biroq jahon turizmi qachon to‘liq tiklanishi hamon mavhumligicha qolmoqda. BMT tahlillariga ko‘ra, soha to‘liq ravishda eng kamida 2023 yilda tiklanishi mumkin. Lekin Covidning yangi shtammlari tarqalayotgani bu muddat yana-da cho‘zilishi mumkinligidan dalolat bermoqda.







