Sankt -Peterburning eng keksa aktrisasi vafot etdi
Sankt-Peterburglik eng keksa aktrisa, RSFSR xalq artisti Galina Korotkevich payshanba kuni 100 yoshida vafot etdi. Bu haqda TASSga Vera Komissarjevskaya nomidagi teatr badiiy rahbari Viktor Novikov maʼlum qildi.

"Galina Petrovna bugun tunda, 100 yoshga to‘lishidan ikki hafta oldin vafot etdi. Biz bu sanani nishonlashga katta tayyorgarlik ko‘rayotgan edik, chunki bu ajoyib ayol bizning teatr bilan 1962 yildan buyon yaqin hamkorlik qilib kelardi. U ham klassik, ham zamonaviy dramatik asarlarda o‘nlab rollarni mahorat bilan ijro etgan."- dedi Viktor Novikov.
Galina Korotkevichning aktyorlik biografiyasi Ikkinchi jahon urushi va Leningrad mudofaasi fronti aʼzosi bo‘lgan paytdan boshlangan. 1946-1961 yillarda u Yangi teatrda (hozirgi Lensovet teatri) xizmat qildi, undan so‘ng Vera Komissarjevskaya teatrining yetakchi aktrisalaridan biriga aylandi. O‘tgan yillar davomida sahnada ko‘plab rol ijro etib, o‘zining aktyorlik mahorati va iqtidori bilan tomoshabinlar mehri va eʼtiborini qozondi.
Aktrisa 1953 yildayoq "Moskva bahori" filmidagi asosiy roli bilan garchi uning kinodagi ilk debyuti bo‘lsa-da butun mamlakat bo‘ylab shuhrat qozondi.
Galina Korotkevich Sankt-Peterburg hukumatining adabiyot, sanʼat va arxitektura sohasidagi "Teatr sanʼati rivojiga qo‘shgan hissasi uchun" mukofotiga (2009y.) sazovor bo‘lgan.
Ozoda Choriyeva







