Intellektual mulk huquqlarini buzuvchi nohalol tadbirkorlar reyestri tuziladi
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining “Intellektual mulk huquqlarini buzuvchi nohalol tadbirkorlik subyektlari reyestrini tuzish va yuritish tartibini tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi eʼlon qilindi.


Intellektual mulk huquqlarini buzuvchi nohalol tadbirkorlik subyektlari reyestri - bu elektron ko‘rinishdagi maʼlumotlar bazasi bo‘lib, u Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan shakllantiriladi.
Reyestrni tuzish va uni yuritish ishlari Qo‘mita tarkibidagi intellektual mulk sohasidagi nohalol raqobat holatlari bo‘yicha kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqishga masʼul bo‘lgan bo‘linma tomonidan amalga oshiriladi.
Reyestr jadval shaklida tuziladi va unda reyestr tartib raqami, intellektual mulk huquqlarini buzgan nohalol tadbirkorlik subyektlarining nomi, O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunining 13-moddasining buzilgan qismi va xatboshisi, qonunbuzilish mazmuni, Qo‘mita va hududiy organlar maxsus komissiyalari qarori va sanasi, nohalol tadbirkorlik subyektini reyestrga kiritilgan sanasi ko‘rsatiladi, shuningdek huquqlari buzilgan tadbirkorlik subyekti tovar belgisining yoki savdo belgisining hamda tadbirkorlik subyektining huquqlarini buzuvchi boshqa tadbirkorlik subyekti savdo belgisining ifodasi joylashtiriladi.
Qo‘mita va hududiy organlar maxsus komissiyalari tomonidan tadbirkorlik subyekti intellektual mulk huquqlarini buzgan deb eʼtirof etilib, tegishli qaror qabul qilingan sanadan bir oy o‘tgandan so‘ng, yaʼni qaror ustidan qonunchilikda belgilangan muddatda shikoyat qilinmasa, ushbu tadbirkorlik subyekti reyestrga kiritiladi.
Agar Maxsus komissiya qarori ustidan belgilangan muddatda Qo‘mita hayʼatiga yoki sudga shikoyat qilingan bo‘lsa, ushbu organlarning qarorlari qonuniy kuchga kirmaguncha tadbirkorlik subyekti reyestrga kiritilmay turadi.







