Germaniyada yo‘lovchi poyezdi mashinistlari 48 soatlik ish tashlash eʼlon qildi
Ikki sutka ichida Germaniya temiryo‘llari falaj holatga kelib qolishi mumkin.


Yo‘lovchi poyezdi mashinistlari chorshanbaga o‘tar kechasi mahalliy vaqt bilan 02:00 da umumfederal miqyosda 48 soatlik ish tashlash eʼlon qildi. Aksiya jumaga o‘tar kechasi tugaydi.
Germaniya temiryo‘llari (GDL) kasaba uyushmasi rahbari Klaus Vezelski mamlakat temiryo‘llarini boshqaruvchi Deutsche Bahn konserniga ishchilar talabini yetkazdi.
Mashinistlar maoshlarini 1,4 foizga oshirish va 2021 yilda koronavirus pandemiyasi davrida ishlagani uchun 600 yevro hajmida bir martalik mukofot puli berilishini talab qilishmoqda. Deutsche Bahn rahbariyati esa bu talabni noo‘rin, deb baholadi.
Ish tashlash tufayli Germaniya vokzallarida tartibsizlik yuzaga keladi. Ayni paytda mamlakat bo‘yicha 75 foiz poyezd harakatdan to‘xtagan. Bundan zarar ko‘rgan yo‘lovchilar chiptalari boshqa sanaga tekin almashtirib beriladi.
Sharofat Mahmudova







