MakSim uyiga qaytdi. Ammo u uzoq muddatli reabilitatsiya va davolanishga muhtoj
Shifokorlar va ko‘ngillilar MakSimni qahramonlar kabi uyiga kuzatib qo‘ydi. Bu haqda xonandaning Instagramdagi sahifasida maʼlumot qoldirilgan.


U ikki oy mobaynida jasorat ila jiddiy kasallik bilan kurashdi. Shifokorlar uning holatini “haqiqiy mo‘jiza” deb baholashdi.
“Marina davolanishni uyda yakunlashga qaror qildi. Tibbiyot xodimi u bilan kechayu-kunduz bo‘ladi, — dedi uning prodyusseri Yana Bogushevskaya. — U chindan ham qizlarini quchishni xohlardi va shu vaqtda, hech qachon bunday qilolmasligini o‘ylab qo‘rqardi. Bu hozir uning uchun eng muhim narsa. Marina hali ham uzoq muddatli reabilitatsiya va davolanishga muhtoj. U hozirda yaqinlari ko‘magida yurishni qaytadan o‘rganmoqda. Yurish paytida qattiq bosh aylanishi kuzatilyapti. Hozircha nafas olishi ham qiyin, shifokorlar yo‘talmaslikka harakat qilish kerakligini aytishdi”.
Qo‘shiqchiga kelgusi oylar uchun tiklanishning batafsil rejasi berildi. Unda nafas olish mashqlari va fizioterapiya bor. Ong ravshanligi tiklanganiga qaramay, kasallik xotirada baʼzi asoratlarni keltirib chiqargan.
“Marina komadan oldingi baʼzi voqealarni, masalan, o‘z maktabining ochilishi va Qozon shahridagi oxirgi konserti haqida deyarli eslolmaydi", — deydi Bogushevskaya.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mustaqil nafas olayotgani hamda gapira boshlagani haqida xabar berilgandi.
Maftuna Rejabboyeva







