Hafta boshida salqin ob-havo saqlanib turadi - “O‘zgidromet”
O‘tgan dam olish kunlari ob-havo O‘zbekiston aholisiga issiqdan dam olish imkonini berdi. G‘arbiy Qozog‘iston hududlaridan salqin havoning kirib kelishi havo haroratini meʼyordan 3-5 darajaga pasaytirdi.


“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, kechasi va erta tongda havo harorati 13-16 daraja iliqqacha pasaydi, kunduz kunlari esa harorat 29-32 daraja issiqdan yuqoriga ko‘tarilmadi, faqat janubiy hududlarning eng chekkasida 32-35 daraja issiq qiymatlariga yetdi.
Haftaning boshida salqin ob-havo saqlanib turadi. Bugun kunduz kuni harorat 28-33 daraja issiq, ertaga 30-35 daraja issiq atrofida bo‘ladi.
Chorshanba kunidan esa salqin havo massasi O‘zbekiston hududidan chekina boshlaydi va uning o‘rniga Eron hududlaridan nisbatan issiq ob-havo kirib keladi.
Havo harorati asta-sekin ko‘tariladi va haftaning oxiriga kelib, kechalari 18-20 daraja issiqqacha, kunduz kunlari 36-38 daraja issiqqacha ko‘tariladi.
Maʼlum qilinishicha, bunday harorat avgust oyining ikkinchi yarmi uchun bo‘lgan o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlardan 2-3 darajaga yuqori bo‘ladi. Biroq, ushbu davrda O‘zbekiston hududida eng issiq yillarda harorat 40-41 daraja issiqqacha, janubda esa 42-44 daraja issiqqacha ko‘tarilgan.
Respublika bo‘yicha hafta davomida o‘rtacha bo‘lgan shamollar bilan quruq va asosan kam bulutli ob-havo saqlanib turadi.
Farg‘ona vodiysi viloyatlarining ayrim tog‘li hududlarida faqat bugun kechqurun momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.







