Panjsherning Afg‘onistondagi ahamiyati qanday?
So‘nggi hafta ichida Afg‘onistonning deyarli barcha viloyati “Tolibon” qo‘liga o‘tdi.

15-avgust kuni Prezident Ashraf G‘ani hokimiyatdan voz kechdi, markaziy hukumatni amalda “Tolibon” egallab oldi. Harakat vakillari mamlakatning 90 foiz hududini nazorat qilayotgan bo‘lsa-da, lekin Panjsher viloyati hali “Tolibon” qo‘liga o‘tgani yo‘q: unga qarashli 7 ta tuman hududiga hali birorta ham “Tolibon” askari oyoq bosmadi. Aksariyat ekspertlarning fikricha, aynan Panjsher kelajakda “Tolibon”ga qarshi kuchlarning asosiy markaziga aylanishi mumkin.
Panjsherning o‘ziga xos xususiyati nimalardan iborat?
Panjsher — Afg‘oniston shimoli sharqida joylashgan tog‘li viloyat. Markazi Bazarak shahri. Panjsher “beshta sher darasi”, degan maʼnoni anglatadi. Afg‘onistondagi eng kichik viloyatlardan biri bo‘lgan Panjsher aholisining 98 foizini tojiklar tashkil etadi.
Viloyat muhim strategik nuqtada joylashgan. Kobul daryosi Panjsherdan boshlanadi. Markaziy Afg‘oniston suv taʼminoti ko‘p jihatdan ana shu viloyatga bog‘liq. Ikkinchidan, Afg‘oniston shimolidan janubiga eltadigan eng qulay va qisqa yo‘llar ham asosan Panshjer orqali o‘tadi. Uchinchidan, Panjsher 1996 — 2001 yillarda “Tolibon” hokimiyatiga qarshi kuchlarning markaziga aylangan, bu yerda mashhur qo‘mondon Ahmadshoh Masʼud boshchiligidagi “Shimoliy alyans” joylashgan edi. “Tolibon” Panjsherga hamon o‘z hokimiyatiga qarshi eng katta to‘siq sifatida qarashi shubhasiz. Afg‘onistonlik general Vadud Xonning fikricha, “Panjsher — Afg‘oniston kaliti. Kim bu joyni egallasa, u Afg‘onistonda o‘z o‘rniga ega bo‘ladi”.
“Tolibon” buni yaxshi anglaydi, shu bois viloyatni 90-yillardagi kabi qarshilik markaziga aylanishini istamaydi. Hozirda Panjsher bilan chegaradosh Badaxshon, Parvon va Nuriston viloyatlari “Tolibon” nazoratida. Bunday vaziyatda Panjsherdan 90-yillardagidek ommaviy qarshilik harakatini kutish qiyin. Ammo viloyatning “Tolibon” harakati uchun katta muammo bo‘lishiga bir qancha sabab bor.
Birinchidan, hozirda “Tolibon”ga qarshi kuchlarning katta qismi Panjsherga chekingan. Ularning soni so‘nggi maʼlumotlarga ko‘ra, 3 mingdan ko‘p. Ular hozir viloyatning eng kam himoyalangan tomoni — shimoldagi mudofaa chiziqlarini mustahkamlashda ishtirok etmoqda.
Ikkinchidan, Panjsherda hozir 20 ta harbiy lager bor. Bu viloyatning janglarga jiddiy tayyorgarlik ko‘rayotganidan dalolat beradi.
Uchinchidan, xalqaro hamjamiyat “Tolibon”ga ishonch bilan qarayotgani yo‘q. Tashqi kuchlar Panjsherdan unga qarshi foydalanishga harakat qilishi mumkin.
Panjsher afg‘on urushlari tarixida hech qaysi kuchga bo‘ysunmagan hudud sanaladi. Bu viloyatda hali katta siyosiy o‘zgarishlarga sabab bo‘ladigan to‘qnashuvlar bo‘lish ehtimolidan darak beradi.
Jahongir Qo'ziyev







