Prezident Usmonxon Alimov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
Mashhur diniy ulamo, atoqli jamoat arbobi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Temirxon o‘g‘li Alimov shu yil 15 avgust kuni 71 yoshida vafot etdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev uning oila aʼzolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.


U 1950 yil 1 yanvarda Samarqand viloyati Ishtixon tumanida tug‘ildi. 1982−1983 yillarda Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasida, 1983−1987 yillarda Toshkent islom institutida, 1989−1990 yillarda Marokash davlatining Qaraviyyin universitetida tahsil oldi.
Alimov muqaddas dinimiz asoslarini, arab va fors tillarini chuqur egallab, 1980−2006 yillarda Samarqand viloyati Payariq tumanidagi Imom Buxoriy masjidida imom noibi, imom-xatib vazifalarida samarali faoliyat olib bordi. Buyuk ajdodimiz Imom Buxoriy abadiy orom topgan tabarruk ziyoratgohda olib borilgan keng ko‘lamli qurilish-obodonlashtirish ishlarida yuksak tashkilotchilik va tashabbuskorlik qobiliyatlarini namoyon etdi.
«Usmonxon domla o‘zini „Imom Buxoriyning xodimi“ deb hisoblar va bunday sharafli nom bilan doimo faxrlanar edi. U muhaddislar sultoni bo‘lmish buyuk bobomizning hayoti va ijodi to‘g‘risida yurtimizda birinchilardan bo‘lib „Imom Buxoriy barakoti“ asarini yozgan yetuk ulamo edi», — deyiladi taʼziyada.
U 2000−2006 yillarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi lavozimida sidqidildan mehnat qilib, katta bilim va hayotiy tajribasini ezgu amallarga safarbar etdi.
Usmonxon Alimov 2006 yili O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimiga saylangan edi. O‘tgan davr mobaynida u respublikada ijtimoiy-maʼnaviy, diniy-maʼrifiy muhit barqarorligini taʼminlash, Islom dinining insonparvarlik mohiyatini asrash va keng targ‘ib etish, yosh avlodni milliy qadriyatlarga hurmat va bag‘rikenglik ruhida tarbiyalash, sohada malakali mutaxassislar tayyorlash ishiga beqiyos hissa qo‘shgani tilga olingan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasida so‘nggi yillarda amalga oshirilgan diniy sohadagi islohotlar, xususan, yangi madrasa va masjidlarning ochilishi, Qurʼon o‘qitish kurslarining tashkil qilinishi, Qurʼoni karimning arab va o‘zbek tillarida chop etilishi, idora qoshida axborot markazining tashkil etilishi, “Vaqf” xayriya jamoat fondining faoliyatini yo‘lga qo‘yish, musulmon mamlakatlari va xorijiy hamkorlar bilan munosabatlarning mustahkamlanishi kabi xayrli ishlarda muftiy hazratning xizmatlari katta bo‘ldi.
«Usmonxon Alimov yurtimiz musulmonlarining hurmat-ehtiromiga sazovor bo‘lish bilan birga, nafaqat Markaziy Osiyoda balki musulmon dunyosida yuksak obro‘-eʼtibor qozongan ulkan ilm va maʼrifat sohibi sifatida eʼtirof etilgan zot edi», — deyiladi xabarda.
U 2012 yilda Islom olami uyushmasi taʼsis majlisining aʼzosi hamda Butundunyo ulamolar kengashi aʼzosi etib saylandi. So‘nggi yillarda Iordaniyaning Islomiy strategik tadqiqotlar markazi tomonidan eʼlon qilinadigan «Jahonning eng nufuzli 500 musulmoni» ro‘yxatidan munosib o‘rin egalladi.
Alimov islomning barcha ilmlari sohasida tan olingan benazir olim bo‘lgani, unga O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining faxriy doktori unvoni berilgani, «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlangani ham qayd etilgan.
«Muftiy hazratning qalamiga mansub „Tafsiri Irfon“ asari Qurʼoni karim maʼnolarini ona tilimizda mahorat bilan aks ettirgan muhtasham kitobdir.
Olimning „Imom Buxoriy — muhaddislar sultoni“, „Hazrati Imom“, „Yoshlar — kelajagimiz“, „Rasulullohning muborak vasiyatlari“, „Oilada farzand tarbiyasi“ kabi o‘nlab kitoblari, yuzdan ziyod ilmiy-ommabop maqolalari el-yurtimiz o‘rtasida maʼlum va mashhur bo‘ldi», — deya qayd etilgan hamdardlik maktubida.
Taʼkidlanishicha, Usmonxon Alimov hamisha odamlar bilan birga, xalqning dardu quvonchiga sherik bo‘lib yashagan. Aholining maʼrifiy savodxonligini oshirish maqsadida «So‘ragan edingiz» degan maxsus rukn tashkil qilib, jamoatchilikni qiziqtirgan ko‘plab bahsli masalalarga yillar davomida javob va yechim topib bergani tilga olingan.
«Xalqimizning ajoyib farzandi, mashhur ulamo, atoqli jamoat arbobi, yoshlarning mehribon ustozi, kamtarin va samimiy inson Usmonxon Alimovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi», — deyiladi xabarda.







