Samarqandda fuqaroni magistraturaga kiritib qo‘yish uchun 17 ming dollar olgan erkak ushlandi
Samarqand shahrida 9 avgust kuni fuqaroni Samarqand veterinariya meditsinasi instituti magistraturasiga o‘qishga kiritib qo‘yish uchun 17 ming dollar olgan shaxs ushlandi.

Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar qildi.
Maʼlum bo‘lishicha, Samarqand viloyati Jomboy tumanida yashovchi yigit ichki ishlar xodimlariga Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida yashovchi fuqaro unga Davlat test markazidagi tanishlari orqali Samarqand veterinariya meditsinasi instituti magistraturasiga o‘qishga kiritib qo‘yishini aytib, xizmati evaziga 17 ming dollar talab qilganini bildirib, qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi viloyat boshqarmalari 9 avgust kuni tezkor tadbir o‘tkazib, Samarqand shahar Islom Karimov ko‘chasida fuqarodan pul olayotgan shaxsni daliliy ashyolar bilan qo‘lga olgan.
Taʼkidlanishicha, holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 4-qismi va 211-moddasi (Pora berish) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzaxda fuqaroni o‘qishga kiritib qo‘yish uchun 3000 dollar olgan dotsent ushlangani xabar qilingandi. Shuningdek, Andijonda fuqaroni o‘qishga kiritish uchun 1,4 ming dollar olgan universitet o‘qituvchisi ushlangani va Buxoroda qizni o‘qishga kiritish uchun 2 ming dollar olgan shaxs qo‘lga tushgani maʼlum qilingan.







