O‘zbekiston “Tolibon” harakati bilan yaqin aloqada bo‘lib turibdi - TIV
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha navbatdagi bayonot bilan chiqdi.


Maʼlum qilinishicha, mamlakat Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanishini diqqat bilan kuzatib bormoqda.
“Ichki afg‘on kuchlarining inklyuziv hukumat shakllantirishga tayyorligi haqidagi bayonotlarini qo‘llab-quvvatlaymiz. Dohadagi afg‘onlararo muzokaralar doirasida keng ko‘lamli tinchlikka erishilishiga umid bildiramiz. Umid qilamizki, mamlakatda hokimiyat tranziti xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan meʼyorlarini inobatga olgan holda umumiy konsensus asosida tinch yo‘l bilan amalga oshiriladi”, deyiladi bayonotda.
Qayd etilishicha, vaziyatning bu yo‘nalishda rivojlanishi milliy kelishuvga erishishga olib keladi hamda kuchli va layoqatli davlatni shakllantirish uchun sharoit yaratadi.
O‘zbekiston tomoni Afg‘oniston bilan anʼanaviy do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini qo‘llab-quvvatlashga va qo‘shni davlatning ichki ishlariga aralashmaslik tamoyillariga sodiqligini qatʼiy bildirgan.
“Hozirgi vaqtda O‘zbekistonning Kobul va Mozori Sharifdagi diplomatik vakolatxonalari odatdagi tartibda ishlamoqda. O‘zbekiston tomoni chegara himoyasini taʼminlash va chegara hududida tinchlikni saqlash masalalari bo‘yicha “Tolibon” harakati vakillari bilan yaqin aloqada bo‘lib turibdi”, deyiladi bayonotda.
Maʼlum qilinishicha, O‘zbekiston davlat chegarasini buzishga bo‘lgan har qanday urinishlar milliy qonunchilikka muvofiq keskin ravishda bartaraf etiladi.
Avvalroq, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 14-15 avgust kunlari Afg‘oniston bilan chegarada ro‘y bergan voqealar haqidagi bayonoti yanglish berilganini maʼlum qilgandi.







