Xitoy bilan “Tolibon”ni qanday manfaatlar bog‘lab turadi?
Afg‘onistonda nodir metallarning umumiy zahirasi 3 trillion dollarga baholangan, shuningdek, u global quruqlik savdo yo‘lining markazida joylashgan. Bularning bari yirik davlatlar, xususan, Xitoyni o‘ziga jalb qilmoqda.


15 avgust kuni “Tolibon” rasmiy vakili Suhayl Shahin Rossiya va Xitoy harakatni qo‘llab-quvvatlashini maʼlum qildi.
12 avgustda AQSHning “U.C.News “ axbarot agentligi “Tolibon” Afg‘oniston hukumatini ag‘dargan taqdirda, Xitoy ularning hokimiyatini tan olishi haqida xabar berdi.
28 iyulda esa Afg‘onistonning bo‘lajak rahbari Mulla Abdulg‘ani Barodar Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I bilan uchrashdi. Van I Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishida toliblarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Kuzatayotgan bo‘lsangiz, Xitoy va “Tolibon “ o‘rtasidagi aloqalar so‘nggi oylarda faollashdi.Rasmiy Pekin tashqi siyosatida Afg‘oniston muhim o‘rin tutadi. Ikki davlat o‘rtasidagi chegaraning umumiy uzunligi 76 kilometrni tashkil etsa-da, Xitoy so‘nggi yillarda Afg‘onistonga katta eʼtibor qaratmoqda.
Aslida rasmiy Pekin uchun Kobulda hokimiyatda kim o‘tirishining farqi yo‘q. Xitoyliklar uchun ikki masala muhim:
birinchisi, Xitoyning g‘arbiy chegaralari daxlsizligi taʼminlanishi, bu yerda ekstremizm va terrorizm avj olmasligi kerak.
Ikkinchisi, Afg‘oniston bilan bog‘liq iqtisodiy loyihalar bor va ularni amalga oshirish rasmiy Pekin uchun katta ahmiyatga ega. Xitoy bu maqsadlariga Afg‘onitsonda faqat kuchli markaziy hokimiyat o‘rnatilsa erisha olishini yaxshi anglaydi.
Afg‘onistondagi xaos holati Xitoy uchun ham xavfli. Xitoy g‘arbiy chegaralari, ayniqsa, musulmon aholisi yashaydigan viloyatlariga Afg‘oniston bevosita chegaradosh. Beqarorlik oqibatida turli ekstremistik guruhlar to‘planishi va qo‘shni malakatlar xavfsizligiga rahna solishi mumkin. Xitoy “Tolibon” qiyofasida Afg‘onistonda barqarorlik o‘rnata oladigan kuchni ko‘rmoqda. Mulla Barodar Van I bilan uchrashuvda toliblar Xitoy ichki ishlariga aralashmasligiga vaʼda berdi.
Xitoy uchun ham xavfsizlik, ham iqtisodiy manfaatlar muhim. Eng avvalo, Afg‘oniston Xitoyning “Bir kamar — bir yo‘l” global quruqlik savdo yo‘lining markazida joylashgan. Xitoy Afg‘oniston orqali Eron va Pokiston bozorlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqadi. Bu loyiha Xitoyning xalqaro maydondagi pozitsiyasini mustahkamlaydi. Shuningdek, O‘zbekiston tashabbusi bilan qurilishi rejalashtirilgan “Mozori Sharif-Kobul-Peshovar” temiryo‘li Xitoy uchun ham katta ahamiyatga ega. Bu temryo‘l Xitoyning “Bir kamar — bir yo‘l” loyihasiga to‘la mos keladi.
Afg‘oniston — boy tabiiy resurslarga ega mamlakat. Ekspertlar 2020 yilda Afg‘oniston nodir metallari zahirasini uch trillion dollarga baholagan. Xitoy ana shu tabiiy boyliklardan foydalanish uchun toliblar bilan hamkorlikni boshlashi mumkin.
Masalan, litiy zahirasi bo‘yicha Afg‘oniston dunyoda birinchi o‘rinda turishi taxmin qilingan. Litiy asosan elektromobil ishlab chiqarishda ishlatiladi. Keyingi o‘n yilikda butun dunyo avtosanoati elektron mashinalar ishlab chiqarishga o‘tadi. Bu esa Afg‘oniston va uning savdo hamkorlari uchun manfaatli.
Bundan tashqari Xitoy Afg‘onistonning eng katta mis koni — Aynoqqa investitsiya kiritgan. Ushbu mis koni resurslari 88 milliard dollarga baholangan. Xitoyning ikki investitsion kompaniyasi konga 4 milliard dollar sarmoya kiritgan. Afg‘onistonda aniqlangan mis zahiralari miqdori jami 274 milliard dollarga teng. Keyingi o‘n yillikda misga bo‘lgan talab bir necha barobar oshishi hisobga olinsa, bu Pekin uchun juda katta imkoniyat.
O‘z navbatida, “Tolibon” ham iqtisodiy aloqalarni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor. Bu ularga hokimiyatni saqlab qolishi va mustahkamlashga yordam beradi. Shu sababli toliblar qo‘shni davlatlar, eng avvalo Xitoy bilan savdo-iqtisodiy munosabatlarni mustahkamlashga harakat qiladi.
Jahongir Qo‘ziyev







