Ahmad Masʼud “Tolibon” harakatiga qarshi kurash rejasini ochiqladi
“Tolibon” harakati jangarilariga qarshilik ko‘rsatayotgan tomonning yangi rahbari Ahmad Masʼud terrorchilarga qarshi kurash rejasini eʼlon qildi va Afg‘oniston kelajagini qanday tasavvur qilishini aytdi.

Bu haqda «Sputnik Tojikiston» xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Masʼud xalqning fikrini unutmaslik kerakligini, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar esa odamlarning xohish-irodasiga zid ravishda sodir bo‘layotganini aytgan.
Uning rejasiga ko‘ra, hozir Afg‘onistonda barqaror tinchlik o‘rnatish uchun ajoyib imkoniyat. Agar siyosatchilar birgalikda harakat qilsa, mojaro tugaydi.
«Xalqimiz qon to‘kishdan, qotillikdan, urushlardan charchadi va tinchlikni xohlaydi. Lekin bu bizning xalqimiz qonuniy kurashidan chekinganini anglatmaydi. Agar kerak bo‘lsa, biz bu ishni davom ettiramiz va xavfsizlik kuchlarimizni qo‘llab-quvvatlaymiz. Biz tinchlikni sevuvchi millatmiz va ayni paytda biz haqiqiy kurash olib bora olamiz», — degan Maʼsud.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistonni boshqarish nuqtai nazaridan, eski markazlashgan hokimiyat tuzilishi har doim korrupsiya, zulm, beqarorlik, qoloqlik, qashshoqlik va oxir-oqibat urushga olib kelgan. Mamlakatni har qanday tajovuzdan himoya qilish uchun esa xalqning qo‘llab-quvvatlashi va ishonchi yetarli.







