Afg‘onistondagi 20 yillik urush qurbonlari soni maʼlum bo‘ldi
Afg‘onistondagi 20 yillik urush qurbonlari soni qanchaligi aniqlandi.


Joriy yil aprel holatiga ko‘ra, Afg‘onistonda oxirgi 20 yil davom etgan urush vaqtida 241 mingga yaqin odam halok bo‘lgan. Ushbu maʼlumotlarni Uotson jamoatchilik va xalqaro masalalar instituti eʼlon qildi. Statistikada “Tolibon” 2021 yil bahorda o‘z hujumlarini boshlagandan keyingi qurbonlar hisobga olinmagan.
Xabarda keltirilishicha, 2001 yildan beri Afg‘oniston va Pokistondagi jangovar harakatlar hududida 241 mingga yaqin odam o‘ldirilgan. Ulardan 71 mingdan ko‘prog‘i tinch aholi bo‘lgan.
Qayd etilishicha, jangovar harakatlar to‘xtagan vaqtda ham portlamay qolgan o‘q-dorilar va minalar sababli odamlar orasida o‘lish, jarohatlanish va majruh bo‘lish holatlari kuzatilgan.
Afg‘onistonda oldin bo‘lgan urush va fuqarolar namoyishi xalqni “Tolibon” bosqini oldidan himoyasiz qilib qo‘ydi. Ushbu urush oqibatlarida aholi toza ichimlik suvi yetishmasligi, noto‘g‘ri ovqatlanish va tibbiy yordam kamayishi kabi holatlarga duch keldi. Barvaqt o‘lim bilan bog‘liq deyarli barcha omillar – nochorlik, to‘yib ovqat yemaslik, yomon sanitar sharoitlar, tibbiy yordam ololmaslik, atrof-muhit holatining yomonlashishi joriy yil ro‘y bergan urush bilan yana-da kuchaydi.







